Buxoro viloyat prokuraturasi, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari va «O‘zneftgazinspeksiya» mutaxassislari hamkorligida viloyatdagi metan quyish shoxobchalari faoliyati o‘rganildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Xususan, «D.A.» MCHJga qarashli 2 ta shoxobcha va «O.B.G.» MCHJga qarashli 1 ta shoxobchaga kelgan tabiiy gaz quvurlariga o‘rnatilgan «Avtopilot-PRO» rusumli gaz hisoblash uskunalari tekshirildi.

Tekshiruv davomida «zapravka»lar gaz hisoblagich uskunasidagi mavjud impuls trubkasiga o‘rnatilgan tamg‘ani gaz mahsulotlari quvurlarida o‘g‘rilik qilish maqsadida hech qanday hujjatsiz boshqa tamg‘aga almashtirib, trubkani mahkamlab, gaz o‘tish harakati pasayishi natijasida hisoblagich diafragmasidan o‘tayotgan gaz hajmining sun’iy ravishda kamaytirilgan holda ko‘rsatilishiga erishgani aniqlandi.

Buning oqibatida «D.A.» MCHJga qarashli 2 ta shoxobcha tomonidan 11,1 mlrd so‘mlik hamda «O.B.G.» MCHJga qarashli shoxobcha tomonidan 15,1 mlrd so‘mlik, jami 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilinib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi va 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi hamda yuqorida nomlari keltirilgan tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

«Tergov harakatlari Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Tergovga aralashish va to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi», — deyiladi xabarda.