O‘zbekistonda o‘tgan haftada kuzatilgan g‘ayritabiiy sovuq ob-havoni belgilagan Qozog‘iston viloyatlari ustidagi sovuq antitsiklon zaiflasha boshladi. Bu tendensiya kelgusi kunlarda ham davom etadi, deb xabar bermoqda «O‘zgidromet» axborot xizmati.

Qayd etilishicha, kunduzi O‘zbekistonda havo harorati 3−8 sovuq bo‘ladi. Haftaning o‘rtalarida kunlik harorat ko‘tariladi. 3 daraja sovuq — 2 daraja iliq, kechasi harorat 8−13 sovuq bo‘ladi.

Bu harorat ish haftasi oxirigacha saqlanib qoladi. Bu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Respublika bo‘ylab tuman tushishi mumkin.

Respublika yo‘llarida ayrim joylarda muzlik qoladi. Bundan tashqari, kunduzi havo harorati ko‘tarilgach, uylarning tomidagi qor eriy boshlaydi, muzliklar paydo bo‘ladi. 16 yanvar kuni tog‘li hududlarda qor ko‘chkisi xavfi saqlanib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 11 yanvardan hafta oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlarida, asosan, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilgandi. Harorat kechalari −12…−20 darajacha, kunduzi −5…−12 darajagacha pasayishi aytilgan. Eng kuchli sovuq — Ustyurtda va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida −30 darajagacha bo‘lishi kutilgan.

Avvalroq anomal sovuq kunlarda o‘tkir respirator kasalliklar ko‘payishi mumkinligi, koronavirus yengil va simptomlarsiz kechayotganini hisobga olib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati fuqarolarni shamollash belgilari kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish, o‘zboshimchalik bilan dori ichmaslik, gumon bo‘lganda, koronavirusga test topshirishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.