Buxoro shahrida «Buxoro turizm markazi»ni qurish uchun «boshqa maqbul yer maydonlari tanlanadi». Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, bu haqdagi qaror «keng jamoatchilik fikrini inobat olib» qabul qilingan.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu loyiha dastlabki bosqichda tayyorlanmoqda va puxta ishlab chiqilgach, tegishli tartibda barcha kelishuvlardan o‘tkaziladi.

«Shuningdek, YUNESKO umumjahon markazining tegishli xulosasi olingan holda yakuniy qaror qabul qilinadi va shundan so‘ng qurilish ishlari boshlanadi», — deyiladi hokimlik axborotida.

Ayni vaqtda, Davletovuz Telegram-kanali o‘z manbalariga tayanib yozishicha, «Shavkat Mirziyoyev jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz qurishni to‘xtatishga topshiriq bergan».

Avval xabar berilganidek, Buxoro shahrida turistik markaz qurilishi rejalashtirilmoqda. Buyurtmachi sifatida Samarqandda xuddi shunday markazni qurgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan. 32,6 gektar maydonni egallagan majmuani qurish uchun hokimliklar, prokuratura, sport arenasi va boshqa binolar buzilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqib, prezidentga murojaat qilgan.

Alerte Heritage madaniy meros observatoriyasi Buxoro shahri va Buxoro viloyati hokimliklari binolari taqdiri yuzasidan xavotir bildirdi (observatoriya vakillarining ta’kidlashicha, ushbu binolar «yaltiroq-alyukobond qoplamali yoki o‘ziga o‘zi soxta tarixiy parodiya bo‘lib qolish xavfi ostida» qolgan).

Kun.uz'ning yozishicha, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan dastlabki yer maydoni Buxoroning tarixiy markazining bufer hududida joylashgan, shu bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamagan. Madaniy meros agentligining hukumatga eslatishicha, ushbu sohadagi har qanday loyiha agentlik va YUNESKO bilan kelishilishi kerak.