Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo, Xorazm va Andijon viloyatlari hokimliklari maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarining qishki ta’tilini yana 17 yanvarga qadar uzaytirdi.

Farg‘ona viloyati hokimligi xabarida aytilishicha, sovuq havoning davom etishi munosabati bilan 975 ta umumta’lim maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘qish rejalashtirilganidek 16 yanvardan emas, balki ikki kundan keyin — 18 yanvardan boshlanadi. Avvalroq Farg‘ona maktablarni ochishga shoshilmagan yagona hudud ekani haqda yozgandik.

Xuddi shunday mazmundagi xabar Buxoro viloyati hokimligi tomonidan ham e’lon qilindi.

Sirdaryo viloyati hokimligining ma’lum qilishicha, o‘quvchilarning salomatligi, qolaversa, ularning ta’lim muassasiga qatnashida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni inobatga olgan holda viloyatdagi mavjud 325 ta maktab va 199 ta bog‘chada dars hamda mashg‘ulotlar 18 yanvardan boshlanishi belgilandi.

Xorazm viloyatida ham ta’til uzaytirilishi ma’lum qilindi — o‘qish 18 yanvardan boshlanadi.

Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi shtabda ta’til kunlarini 17 yanvarga qadar uzaytirish qarori tasdiqlandi. Viloyatda 710 umumta’lim maktabi mavjud.

Andijon viloyatida ham ta’lim muassasalarida ta’til uzaytirilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab kutilayotgan sovuq havo munosabati bilan barcha ta’lim muassasalari uchun ta’til 17 yanvarga qadar uzaytirilgan edi. Biroq 10 yanvar kuni hukumat viloyat hokimliklariga ob-havo va muayyan hududlar hamda ta’lim muassasalaridagi sharoitga qarab ta’til jadvalini mustaqil belgilashga ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi.

10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi aksariyat viloyatlar hokimiyati 11 yanvardan maktabda o‘qish qayta tiklangani haqida e’lon qildi, sovuqlar davom etayotganiga qaramay, Qoraqalpog‘istonda 12 yanvardan o‘qishni tiklash rejalashtirildi.

«Yuksalish» umumxalq harakati yangi hafta oldidan maktab va bog‘chalarni ochishga shoshilmaslikka chaqirdi. Biroq hududlarda bu tavsiyaga e’tibor qilinmadi.

Aslida esa hududlar ta’lim muassasalarini ochishga to‘liq tayyor emas edi. Ota-onalar ham farzandlarini uyda qoldirishni to‘g‘ri deb bilishdi — maktablarning sinflarida sanoqli o‘quvchilar bor edi, xolos. Oradan bir-ikki kun o‘tar-o‘tmas hokimliklar maktab boshlanishini 16-yanvarga qoldirganliklari haqida xabar bera boshladi.