Noqulay ob-havo sharoitini inobatga olib, yo‘lovchi tashuvlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistondan xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshiriluvchi muntazam avtobus qatnovlari 2023 yil 13 yanvardan vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, shu kunlarda qo‘shni Qozog‘iston va Rossiyada kuzatilayotgan kuchli sovuq tufayli yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘lib, avtotransport vositalarida texnik nosozliklar kelib chiqishi natijasida yo‘lovchilar qiyin vaziyatlarga tushib qolish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, 12 yanvar kuni Qozog‘istondagi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 819-kilometrida «Krasnodar-Sariog‘och» xalqaro yo‘nalishida harakatlangan, ichida O‘zbekistonning 31 nafar fuqarosi bo‘lgan avtobus to‘xtab qolgan.

Avtotransport vositasi yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan. Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Xromtau rayoni qutqaruvchilari yo‘lovchilarni Xromtau shahridagi «Sherxon» kempingiga joylashtirishgan. Jabrlanganlar yo‘q, yo‘lovchilarning issiqlik ta’minoti nazoratga olingan.