Buxoro shahri o‘rtasida sayyohlik markazi qurilishi hali loyiha bo‘lib turibdi, dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov Daryo`ga bergan intervyusida.

«Gazeta.uz» bu jamoatchilik uchun kutilmagan reja bo‘lgani haqida yozgan edi. Masala yuzasidan buxoroliklar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘lladi.

Loyiha doirasida turizm markazi uchun 32,6 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilgan. 29 ta davlat obyektini, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahar hokimliklari binolarini boshqa joyga ko‘chirish rejalashtirilgan. Hududda ko‘plab daraxtlar, jumladan, prezident tomonidan e’lon qilingan «Yashil makon» dasturi asosida yaqinda ekilgan 1500 tup ko‘chat bor. Buyurtmachi sifatida «Enter Engineering» kompaniyasini tanlandi, u loyihani «to‘plangan mablag‘lar» hisobidan amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Ushbu maqsadlar uchun 2023 yilda Buxoro viloyati budjetidan 517 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda, deb yozadi Daryo.

«Markazning loyiha taklifi bo‘lgach, jamoatchilikka muhokama uchun qo‘yiladi. Buxoro shahrida aholi uchun alohida taqdimot qilib beriladi. Ayni vaqtda o‘rganish ishlari olib borilmoqda, xolos. Bu degani ertadan buzilish boshlanadi degani emas, hali oxirgi nuqta qo‘yilganicha yo‘q. Bu hozir loyiha taklifi, hali YUNESKO bilan kelishish bosqichi bor», — dedi Botir Zokirov.

«Hozir markaz tushadigan joyda xatlov ishlari olib borilmoqda. Ya’ni tartibga ko‘ra, u yerda qancha bino bor, kimga tegishli ekani haqida ma’lumot yig‘iladi. Agar markaz o‘rnida joylashgan bino va inshootlar buziladigan yoki boshqa joyga ko‘chiriladigan bo‘lsa, loyiha tanlovida yutgan tadbirkorlik subyekti tomonidan o‘rniga o‘rin qurib berish yoki o‘rnatilgan tartibda konpensatsiya to‘lib beriladi. Loyiha va qurilish ishlariga kamida ikki yil vaqt ketadi», — deydi vazir.

Shanba kuni ishchi guruh rahbari Botir Zokirov Buxoroga boradi. U jurnalistlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashadi.

Jamoatchilik munosabati

Loyiha haqidagi xabar jamoatchilikning tanqidiga uchradi. Ijtimoiy tarmoqlarda #saveBukhara hashtegi paydo bo‘ldi, foydalanuvchilar uning ostida loyihadan norozi ekanini bildirib xabar qoldirmoqda.

Milliy axborot agentligi rahbari o‘rinbosari, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev loyihani, agar bu amalga oshirilsa, «Yangi O‘zbekiston tarixidagi eng noto‘g‘ri va yomon loyihalardan biri bo‘ladi» dedi.

«Eng avvalo bir narsani yaxshi tushunishimiz kerakki, Buxoroga turistlar zamonaviy sun’iy ko‘l yoki sun’iy markazni ko‘rish uchun kelmaydi. Bunaqa narsani ko‘raman desa, tinchgina Dubayga boradi, ham arzon, ham biz qurmoqchi bo‘lgan joydan ming marta zo‘r, — dedi bloger — Sayyohlarga tarix kerak. Tamom. Bu bahslashadigan masala emas».

«Buxoroda haligacha 3 smenali maktablar bor paytda shunchaki tayyor binolarni buzish yoki ko‘chirish uchun bunaqa katta xarajat sarflash kelajak avlod uchun adolatli emas. Undan ko‘ra, tayyor binolarni buzishga sarflanadigan pullarni ta’limga sarflagan to‘g‘ri emasmi?» — deya savol bergan u.

«Bu kabi turistik markazlar bizga kerakmi, aniqrog‘i ayrim shaxslarga emas, davlat va jamiyatga foydasi bormi o‘zi, degan savollarga aniq javob yo‘q», — dedi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

«Samarqandda qurilgan xuddi shunaqa turistik markaz bor. Avval 4−5 yil kutaylikchi, o‘sha markaz qanaqadir foyda keltirsa, keyin boshqa joyda ham shunaqa qimmat loyiha haqida o‘ylab ko‘rish mumkindir», — dedi u.

Jurnalist Aziza Qurbonova esa shunday yozdi: «29 ta binoni buzish, ularga yana yangi bino qurish va topish qancha xarajat va harakat talab qiladi. Shunday ortiqcha xarajatlar kerakmi hozir… Qanday argumentlar keltirilmasin, Buxoro turizm markazi qurilish hududi masalasi qayta ko‘rib chiqish kerak. Axir xalq bilan bemaslahat biror ish qilinmaydi deb davlat rahbarining o‘zi doim aytmoqda».