«Gazeta.uz»da poytaxtning «Xast Imom» mahallasi aholisi qahratonni qanday o‘tkazayotgani haqida fotoreportaj e’lon qilingach, «Hududgaz Poytaxt» korxonasi va «Olmazortumangaz» boshqarmasi xodimlari gaz ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatni yaxshiladi. Bu haqda «Hududgaz Poytaxt» korxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Kompaniya vakillarining qayd etishicha, uy xo‘jaliklaridagi gaz bosimiga gazdan foydalanuvchi uskunalarning — gaz plitalari, pechlardagi gorelkalar va boshqa qurilmalarning texnik ahvoli ham ta’sir qiladi. Kompaniya mutaxassislari ushbu uskunalarni ko‘rikdan o‘tkazgan, xususan, gaz ta’minoti yaxshilanishi uchun ularni tozalab chiqqan.

gaz ta’minoti, совуқ, хаст имом, хастимом, қиш, ҳудудgaz poytaxt

Bosim uyning gaz taqsimlash punkti (GTP)dan uzoqroq joylashgani sababli ham past bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi «Hududgaz Poytaxt» matbuot xizmati. GTP yaqinida joylashgan xonadonlar gazni ko‘proq iste’mol qiladi, shu bois uning taqsimoti bir xilda (teng) kechmaydi.

Shunga qaramay, joylardagi gaz bosimining o‘zgarib turishi aholi tomonidan iste’mol qilinayotgan moviy yonilg‘ining umumiy hajmiga bog‘liq.

«Yozda gaz bilan bog‘liq muammolar kuzatilmaydi, chunki iste’mol hajmi katta bo‘lmaydi. Bundan tashqari, yozda gaz quvurlardan, o‘zining fizikaviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, osonroq ham o‘tadi», — deya qo‘shimcha qildi kompaniya matbuot xizmati.

Avvalroq poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 13−14 yanvar kunlari Toshkentda va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz bosimi keskin pasayib ketishi kutilayotganidan ogohlantirgan edi. Shu munosabat bilan Toshkentda gaz-zapravkalar yopilgan, korxonalar esa elektr va gaz ta’minotidan uzilgan. Hokim tuman rahbarlariga yo‘llagan murojaatida ulardan «ikki kun turib berish»ni so‘ragan.