Rossiyaning Yevropa qismi shimoliy hududlarida hosil bo‘lgan sovuq havo massasining ta’siri O‘zbekiston hududi bo‘ylab 15 yanvarga qadar davom etadi, deya xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Havo harorati kechasi −12…−17 daraja, ayrim joylarda −20 daraja sovuq, shimoliy hududlarda −20…−25 daraja, Ustyurt va cho‘l zonasida −27…−30 darajagacha bo‘ladi.

13 yanvar kuni kunduzi O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat Toshkent, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Joylarda tuman tushishi ehtimoli bor. Yo‘llar muzlaydi. Shamol tezligi 7−12 m/s. Harorat selsiy shkalasi bo‘yicha -7 … -12 darajani tashkil etadi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda biroz qor yog‘ib, joylarda tuman tushishi mumkin. Yo‘llar muzlab, qor ko‘chishi xavfi bor. Shamol tezligi 7−12 m/s. Harorat −10…−15 darajani tashkil etishi kutilmoqda.