«O‘ztransgaz» 10 yanvardan boshlab «O‘zbekistonning barcha hududlarida havo haroratining keskin pasayishi natijasida» tabiiy gaz iste’moli keskin oshganini ma’lum qildi.

«Bunday holatda aholi, ijtimoiy ahamiyatga molik obektlar va qozonxonalarni tabiiy gaz bilan uzuluksiz ta’minlash maqsadida respublikadagi mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday ulgurji iste’molchilar, xususan, AGTKSHlar, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, UzGasTrade AJ bilan shartnoma tuzgan holda magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash shoxobchalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan barcha korxonalarga tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi», — deyiladi xabarda.

Ushbu korxonalarga gaz uzatish ob-havo haroratining ko‘tarilishi hamda qulay sharoit vujudga kelishi bilan tiklanadi va bu haqda alohida xabar qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev gaz bosimi keskin tushib ketishi kutilayotgani munosabati bilan mas’ul rahbarlarga «ikki kun turib berishni» so‘ragan audiomurojaatni yo‘llagan edi. Ushbu murojaatda u AGTKSH va korxonalariga gaz ta’minoti to‘xtatilishini ma’lum qildi.