Toshkent shahrining ayrim tumanlarida gaz bosimining pasayishi sababli isitishda muammolar kuzatilmoqda, deb xabar berdi «Veolia Energy Tashkent» MCHJ axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, sovuq ob-havo sababli issiqlik tashuvchining (issiq suv ta’minoti va isitish) parametrlari pasaygan, bu esa shaharda gaz bosimi pasayishi bilan bog‘liq holat hisoblanadi.

Shaharning ba’zi tumanlari aholisi «Veolia Energy Tashkent» MCHJga murojaat qilib, issiqlik ta’minotidagi muammolar to‘g‘risida xabar bermoqda. Krizis xolatlarni yengib o‘tish va shahar aholisini hamda ijtimoiy ahamiyatga ega infratuzilmalarni issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash uchun energoresurslar yetkazib beruvchilar bilan «Veolia Energy Tashkent» MCHJ XK mutaxassislari kechayu-kunduz ishlamoqda, — deyiladi xabarda.

Gaz ta’minoti korxonalari — ayrim yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish xajmlarini qisqartirish va aholi, elektr va issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar («Toshkent issiqlik markazi» DUK, «Toshkent IES» AJ i «Veolia Energy Tashkent» MCHJ XK) va ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy gazni birinchi navbatda yetkazib berish choralarini ko‘rmoqda.

Issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar — shahar issiqlik energiyasining 90 foizini ishlab chiqaradigan issiqlik markazlarining samaradorligini saqlab qolish, gidravlik rejimning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun berilayotgan issiqlik energiyasi bosimini tiklashga harakat qilayotgani aytib o‘tilgan.

Elektr ta’minoti korxonalari — «Veolia Energy Tashkent» MCHJ XKga qarashli ijtimoiy soha obyektlari bo‘lgan va shahar issiqlik energiyasining 10 foizini ishlab chiqaradigan maxalliy qozonxonalarni uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlash uchun ish olib borilayotgani ta’kidlangan.

Sovuq ob-havo mavsumida zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik energiyasini yetkazib berish uchun to‘lovlar amaldagi qonunchilik me’yorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi, — deya eslatib o‘tiladi xabarda.

Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz bosimining keskin pasayishi kutilayotgandi. Bu haqda 12 yanvar kuni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tumanlar hokimlari va boshqa mas’ul rahbarlarga audiomurojaatida ma’lum qilgan.

«Agar bugun turib bermasak, ertaga kech bo‘ladi. Bugun biz davlatga kerakmiz. Agar bugun bu ishni qila olmasak, bir tiyinga yaramas hokimlar, bir tiyinga yaramas sektor rahbarlari, boshqarma boshliqlari bo‘lamiz», — degan Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga havoning anomal sovishi tufayli gaz bosimi pasayganini tasdiqlagan. Bundan tashqari, ob-havo tufayli gaz quvurlarining shikastlanishi kuzatilayotgani ma’lum qilingan.

Avvalroq anomal sovuq tufayli zavod va boshqarmalarning siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarida avariyali holatda to‘xtashlar kuzatilgani xabar qilingandi. Mutaxassislar esa gaz qazib olishning qisqarishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rgan.

Tavsiya: Anomal sovuq kunlarda uylardagi issiq haroratni qanday saqlash mumkin?