«Hududgaz Poytaxt» korxonasi «Gazeta.uz»da e’lon qilingan materialdan so‘ng «Xast Imom» mahallasida gaz bosimi oshirilganini ma’lum qildi. Nashrning Eski shahar aholisi sovuq kunlarda qanday kun kechirayotgani haqida tayyorlagan fotoreportajida bu muammo haqida so‘z yuritilgandi.

Shundan so‘ng tahririyatga O‘zbekistonning turli hududlaridagi fuqarolardan o‘z mahallalariga kelib, bosimning pastligi, gaz yo‘qligi yoki elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida yozishni so‘rab qo‘ng‘iroq va xatlar kela boshladi.

«Hamma xonadon bir bo‘lib chaqirsa ham, [Kommunal xizmatlarni boshqarish markazi — 1055] umuman javob yo‘q», deb yozadi o‘quvchilar.

Tahririyat har bir holatni batafsil yoritish imkoniyatiga ega emas, lekin biz fuqarolarning @GazetauzFeedbackBot Telegram botiga yuborgan xatlarini va ushbu sahifada qoldirilgan izohlarni e’lon qilishimiz mumkin.

Yoritish sharti: ism, familiya, telefon raqami va muammo kuzatilgan manzilning ko‘rsatilishi va muammoning qisqacha tavsifi. Saytda faqatgina ism ko‘rsatiladi. Qolgan ma’lumotlar «Hududgazta’minot» korxonasiga uning so‘roviga asosan taqdim etiladi.


Temur, Toshkent, Mirobod tumani:

«Mahallamizdagi gaz bilan bog‘liq muammolarni yoritishingizni so‘raymiz. Bu yerda asosan hovlilar joylashgan bo‘lib, gaz va elektr ta’minoti juda muhim o‘ringa ega».

Yangiyo‘llik o‘quvchi:

«Bizda umuman gaz yo‘q, elektr ham tez-tez o‘chiriladi, uyda kurtkada o‘tiramiz. Xona muzlab qolgan».

Saidaziz, Toshkent, Olmazor tumani:

«Uylar sovuq. Gaz deyarli yo‘q. Isitkichlarni yoqsak, elektr o‘chadi. [Kuchlanish] 140 volt. Uyimizda kattalar, kichik bolalar va nogiron bola bor. Muammoni hal qilish imkoni bormi?»

Humoyun, Toshkent, Chilonzor tumani:

«Muammo: Mahallamizda, ayniqsa, ko‘chamizda gaz bosimi shunchalik pasayib ketganki, uning yonayotgani yoki yo‘qligi ham aniq emas. Isitish qozoni ishlamayapti, issiq suv yo‘q, quvur va radiatorlar muzlay boshlagan, agar ular muzlab qolsa, portlashi mumkin. Va bu, o‘z navbatida, juda katta ta’mirlash xarajatlarini talab qiladi. Uyda uch farzandimiz bor, shamollab qoldik, xotinim kasal, homilador, uy esa soat sayin soviyapti. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun katta rahmat».

Temur, Toshkent, Mirobod tumani:

«Ikki kundan beri gaz yo‘q, elektr energiyasi vaqti-vaqti bilan o‘chiriladi. Isitish kuchi juda past».

Marina, Tuzel:

«O‘tgan yilning dekabr oyi boshidan beri gaz yo‘q. Uylar butunlay muzlab qolgan. Iltimos: YORDAM QILING!!!»

Ikrom, Toshkent, Yakkasaroy tumani:

«Kechadan beri gaz yo‘q, kechki payt elektr o‘chiriladi. Isitkichlar ishlamaydi, kuchlanish past. Uyimizda keksalar bor. Uylar sovuqlashmoqda. Gaz hatto yonmayapti».

Fazliddin, Toshkent, Yunusobod tumani:

«Gaz bosimi juda past, biz tunda muzlab qoldik. Uyda chaqaloq bor, isitkichni yoqyapmiz, lekin ba’zida chiroq ham o‘chyapti».

Toshkent viloyati Qibray tumanidan murojaat:

«Bizda gaz yo‘q. O‘z uchastkamiz bor, uy isitilmaydi, chunki gaz yo‘q. 3 nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Uyda havo juda sovuq, kurtka kiyyapmiz, uy ichidagi deraza, eshiklar muzlab olgan. Gaz yo‘qligi uchun ovqat pishirolmaymiz. Iltimos, yordam bering».

Iftixor, Toshkent, Chilonzor tumani:

«Kechadan beri kvartirada gaz deyarli yo‘q, suv qaynatib bo‘lmaydi, ovqat pishmayapti, bu muammoni hal qilishda yordam bersangiz, juda minnatdor bo‘lardik, oldindan rahmat».

Lyubov, Toshkent, Mirobod tumani:

«Men butun mahalla nomidan yozyapman, havo harorati tushishi bilan uylarda gaz o‘chgan. Yozdik, shikoyat qildik, foydasi yo‘q. Bu holat kamida 5 yildan beri har qishda davom etmoqda».

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidan:

«Mahalliy hukumat bu masalani hal qilmaydi. Mahallada 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi va ularning barchasi issiqlik ta’minotisiz qolgan. Ovqat pishirish ham ilojsiz. Iltimos, gazni yoqinglar».

Asror, Toshkent, Yunusobod tumani:

«Gaz bosimi past. Bizda isitish tizimi ishlamaydi, isitish qozoni ishlashi uchun hech bo‘lmaganda gaz bosimini biroz oshirishingizni so‘rayman. Boshqa gaz punktlarida bosim me’yorida».

Akmal, Toshkent, Mirzo Ulug‘bek tumani:

«Yangi qurilgan uy. 3 kundan beri gaz yo‘q, shuning uchun kvartira sovuq. Derazalar muzlagan».

Aldan, Toshkent, Shayxontohur tumani:

«Kvartiralarda gaz deyarli yo‘q (bosim juda past), issiq ovqat pishirish va suv qaynatish deyarli imkonsiz. Isitish quvvati past, elektr tez-tez o‘chiriladi. Yordam kerak, zudlik bilan».

Valeriy, Toshkent, Uchtepa tumani:

«Uylarimizda gaz juda past. Hokimlikning «Ishonch telefonlari», 1055, Prezident qabulxonasi, «Xududgaz»ga qilingan qo‘ng‘iroqlar shunchaki e’tibordan chetda qolyapti! Shu tumanning 23-kvartalida gaz bor! Biz Uchtepa tumani aholisimiz, muammolarimizni ommaviy axborot vositalarida yoritsangiz!».

Umida, Toshkent, Chilonzor tumani:

«Bizni uyimiz juda sovuq, gaz yo‘q hisob. Uyimiz boyler orqali isitiladi, gaz bosimi pastligi uchun u ham ishlamayapti. Batareyalar muzlab yotibdi. Butun uy sovuq, bolalar sovqotyapti. Kecha 3 soatga svetni ham o‘chirishdi, boyler elektrsiz ham ishlamaydi. Gaz bosimi past bo‘lganligi bois hech nima pishira olmayapmiz. Qanday yashashimiz kerak? Butun mahallamizda shunday muammo».

Jasur, Toshkent viloyati, Qibray tumani:

«Gaz bosimi juda past. Shu bois hech nima pishirib bo‘lmayapti, „kotyol“ ham ishlamayapti. Tuman gaz ta’minotiga qo‘ng‘iroq qildim. Ular butun tumanda holat shundayligini aytishdi».

Mariya, Toshkent, Chilonzor tumani:

«4 kundan beri butun uyda, qariyb kvartalda gaz yo‘q. Batareyalar ham zo‘rg‘a ilib turibdi. Uyda yosh bolalar bor. Kecha arizamga ko‘ra, tuman gaz ta’minotidan kelib, butun uyda gaz yo‘q vaqtida mening gaz plitamdan sababini qidirishdi. Bu ham kulguli, ham achinarli. Gaz faqat 2 soatga berilmoqda».