«Quramax Medisal»ning litsenziyasi bekor qilindi

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida «Quramax Medisal» MCHJga berilgan litsenziyani bekor qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.

O‘zbekistonda poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritiladi

Anomal sovuq ob-havo tufayli 13 yanvar kuni poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritiladi. Qaror yo‘lovchi poyezdlar harakat havfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi, deya xabar bermoqda «O‘ztemiryo‘lovchi» AJ matbuot xizmati.

Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi 3 ta poyezd reysi bekor qilinadi

13, 14 va 15 yanvar kunlari Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishidagi «Afrosiyob» elektropoyezdlari qatnovlarining 3 ta reysi kuzatilayotgan anomal sovuq tufayli bekor qilinadi.

Toshkentda isitish tizimida muammolar kuzatilmoqda

Poytaxtdagi ayrim tumanlarda gaz bosimi pasayishi ortidan isitishda muammolar kuzatilyapti. «Veolia Energy Tashkent» MCHJ shahar aholisini vaziyatni tushunishga chaqirib, holatni yaxshilash uchun zarur choralar ko‘rilayotganini bildirdi.

Senatorlar lotin alifbosini o‘rganishni boshladi

Senatorlar, yuqori palata mas’ul xodimlaridan iborat guruh lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘rganishni boshladi. Aslida hukumat qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishi kerak edi.

Buxoroda tadbirkor garovdagi binoni qayta qimmatga garovga qo‘yib, 1,3 mlrd so‘m kreditni o‘zlashtirdi

Buxoro shahrida oilaviy korxona rahbari bankning sobiq mas’ullari bilan kelishib, kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan mehmonxona binosini qayta qimmatroqqa garovga qo‘ygan. Qo‘shimcha bino qurish uchun yana kredit olib, jami 1,3 mlrd so‘m pulni talon-toroj qildi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

«Xast Imom» mahallasidagi gaz bilan bog‘liq muammolar «Gazeta.uz» materialidan so‘ng bartaraf etildi

«Hududgaz Poytaxt» korxonasi «Gazeta.uz»da e’lon qilingan materialdan so‘ng «Xast Imom» mahallasida gaz bosimi oshirilganini ma’lum qildi. Kompaniya mutaxassislari gaz taqsimlash shoxobchalari va xonadonlardagi gazdan foydalanuvchi uskunalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazib, nosozliklarni bartaraf etgan.

O‘quvchilar «Gazeta.uz»dan gaz bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yordam so‘ramoqda

«Gazeta.uz» reportaji tufayli Toshkentdagi «Xast imom» mahallasida gaz bosimi muammosi hal etildi. Bu haqdagi xabardan so‘ng tahririyatga shunga o‘xshash vaziyatda yordam so‘rab murojaatlar kela boshladi. Biz har bir holatni batafsil yoritolmaymiz, ammo o‘quvchilardan kelgan murojaatlarni e’lon qilishga tayyormiz.

Ulgurji iste’molchilar vaqtinchalik gazdan uzildi

«O‘ztransgaz» kompaniyasi aholi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar va qozonxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash maqsadida har qanday ulgurji iste’molchilarga, xususan, AGTKSHlar va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga gaz ta’minoti to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Har qanday vaziyatda ham O‘zbekistonning davlat suvereniteti, sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashimiz shart" — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Davlat rahbari safarbarlik sohasidagi tayyorgarligi va hududiy mudofaasini tashkil etish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ydi. U harbiy aviatsiya va HHM tizimini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Namangandagi uyda gaz portlashi oqibatida 2 kishi kuyish jarohatini oldi

Namangan tumanidagi xonadonlarning birida gaz portlashi sodir bo‘ldi. Oqibatda 31 yoshli ayol va uning 9 yoshli farzandi kuyish jarohatini oldi.

Sovuq havo ta’siri 15 yanvarga qadar davom etadi — O‘zgidromet

O‘zbekistonda sovuq havo massasining ta’siri yakshanbagacha saqlanib turadi. Havo harorati kechasi −12…−17, ayrim joylarda −20 darajagacha sovishi mumkin. Ba’zi joylarda qor yog‘adi.

O‘zbekistonga yakshanba kunidan boshlab iliq havo kirib kela boshlaydi

Yakshanba kuni O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga iliq havo kirib kela boshlaydi. Harorat kechasi −12…−17 daraja, kunduzi −5…−10 daraja bo‘ladi.

Qozog‘istonda avtobusdan yana 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilindi

Aktobe viloyatida avtobusda qolib ketgan yana 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilindi. Transport vositasining yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan.

Andijonda uy ichidagi mashina bilan yonib ketdi

Andijon tumanidagi xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda uyning shift, tom qismi va uy jihozlari hamda darvozaxonada bo‘lgan Damas yonib zararlandi. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

O‘zbekiston TIV Kobuldagi terrorchilik harakatini keskin qoraladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kobul shahrida Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi binosi yaqinida sodir etilgan terrorchilik xurujini keskin qoraladi. Ushbu harakat oqibatida ko‘plab tashqi siyosat idorasi xodimlari qurbon bo‘lgan.

Toshkentda 17 ta avtomobil to‘qnashdi

Yunusobod tumani Yangi shahar ko‘chasida 12 yanvar kuni tunda 17 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Oqibatda bir haydovchi va bir piyoda kasalxonaga yotqizildi.

Banklarda dollar kursi tushib, 11 355 so‘mdan sotilmoqda

Tijorat banklari 13 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 260 — 11 330 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 360 so‘m.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportaj:

Video: Toshkent shahar IIBBning uysizlar uchun markazi qanday ishlamoqda?

Toshkentda 2018 yildan beri poytaxt IIBB tashabbusi bilan ochilgan uysizlar uchun markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. «Gazeta.uz» muxbirlari ushbu «Mehr-saxovat uyi»da bo‘lib, bu yerda ayozli kunlarda odamlar soni ko‘payishiga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani va markaz nimalarga muhtojligini o‘rgandi.

Foto: Toshkentning Eski shahari aholisi qahratonni qanday o‘tkazmoqda?

Eski shaharning «Xast Imom» mahallasi poytaxtdagi eng ko‘hna uylar joylashgan hududlardan. Bu yerda somon-suvoq uylarni, ba’zi xonadonlarda cho‘yan pechlarni uchratish mumkin. Sovuqlar boshlangach, «Xast Imom»da gaz bosimi pasaydi. Aholi qahratonni qanday o‘tkazyapti — Madina A’zamning fotoreportaji shu haqda.

Sinfxonalar bo‘sh, ota-onalar farzandlarini maktabga jo‘natmaslikka qaror qilishdi. Toshkentda uchinchi chorak qanday boshlandi?

O‘zbekistonning qator viloyatlari, jumladan, Toshkent hokimliklari sovuqqa qaramay, 11 yanvardan o‘qishni davom ettirishga qaror qildi. Poytaxtda ko‘plab ota-onalar bolalarini darsga yubormaslikka qaror qilishdi. «Gazeta.uz» muxbirlari shahardagi maktablarda bo‘lib, yangi chorak qanday boshlangani bilan tanishdi.