Buxoro shahrida korxona rahbari 1,3 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Bosh prokuratura huzuridagi departament holatning tergovga qadar tekshiruvda aniqlanganini ma’lum qildi.

Oilaviy korxona rahbari o‘sha hududdagi tijorat banki filialining sobiq mas’ul shaxslari bilan kelishib, korxonaga 2019 yilda ajratilgan kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan mehmonxona binosini qayta garovga qo‘ygan.

Bunda binoni sun’iy ravishda qimmat narxda baholatib, qo‘shimcha bino qurish uchun yana 900 mln so‘m kredit ajratilishiga erishgan. Oqibatda bank filialining jami 1,3 mlrd so‘m kredit mablag‘i o‘zlashtirilgan va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 192−11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.