Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 yanvar kuni Hindistonning Marion Biotech ishlab chiqaruvchisining «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siroplari sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish e’lon qildi. Bu dorilar O‘zbekistonda kamida 20 nafar yosh bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan.

JSST holat bo‘yicha xabarnomani O‘zbekistondan 22 dekabr kuni olganini bildirdi. Tashkilot ikkita dori vositasini «standartga nomuvofiq bo‘lgan suyuq dori vositalari (kontaminatsiyalangan)» ro‘yxatiga kiritdi. «Bugungacha ishlab chiqaruvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati haqida kafolat bermagan», deyiladi bayonotda.

JSST O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarda preparatlar tarkibida ko‘p miqdorda dietilenglikol va etilenglikol topilganini qayd etdi.

«Ushbu mahsulotlarning ikkalasi ham boshqa mamlakatlarda [JSSTning Yevropa mintaqasida] sotish uchun tasdiqlangan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, dorilar boshqa mintaqalardagi norasmiy bozorlar orqali ham tarqatilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas», — deydi tashkilot.

JSST xabarnomasida dietilenglikol va etilenglikol odamlar uchun zaharli hisoblanishi va qabul qilingan taqdirda, o‘limga olib kelishi mumkinligi aytib o‘tilgan.