Qarshi shahridagi qozonxonalarning birida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar qildi.

11 yanvar kuni soat 21:25 larda Qarshi shahri «Gungon» MFY hududida joylashgan 4 qavatli 1, 2, 3-uylarni isitish uchun mo‘ljallangan qozonxonada gaz-havo aralashmasining portlashi sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida yong‘in sodir bo‘lmagan. Qozonxonaning yengil konstruksiya usulida qoplangan tom qismi qulab tushgan.

Hodisa oqibatida jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Voqea joyiga viloyat FVB rahbariyati, Qarshi shahar sektor rahbarlari, shahar FV bo‘limi boshlig‘i hamda mas’ul va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.

Hozirda mutasaddi idora vakillari tomonidan qozonxonani tiklash ishlari olib borilmoqda.