Sovuq havo Toshkentdagi avtobuslar harakatiga ham ta’sir qildi

Havo harorati ertalab -24 darajagacha pasaygani sababli Toshkent shahrida MAN rusumli gazda harakatlanuvchi 40 ta avtobus yo‘nalishlarga chiqa olmadi. Ular kamroq sig‘imli harakatlanuvchi tarkiblar bilan almashtirildi. «Toshshahartransxizmat» rahbari «Gazeta.uz» ga bunga nima sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

PMTI Rossiya-Ukraina mojarosining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rgandi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan Rossiya-Ukraina mojarosining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri o‘rganildi.

Metan «zapravka»lar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Energetika vazirligi anomal sovuq davom etayotgani sababli ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilib, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Poytaxtda ehtiyojmandlar, obodonlashtirish va YHXX xodimlariga osh tarqatilmoqda

Sovuq kunlarda Toshkent hokimligi tomonidan shaharning olti joyida ehtiyojmand aholi, kommunal xizmat ko‘rsatish, obodonlashtirish bo‘limi va YHXB xodimlariga bepul osh tarqatilmoqda.

«Himoya orderi» muddati 30 kundan 1 yilga uzaytirilishi mumkin

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi «himoya orderi» sud tomonidan 1 yil muddatgacha berilishi belgilanmoqda. Amalda order ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga beriladi.

Anomal sovuq tufayli ayrim bankomatlarda pul naqdlashtirishda muammolar yuzaga kelmoqda

O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal sovuq sabab tashqarida joylashgan bankomatlar pul chiqarmay qolishi holatlari kuzatilmoqda. Shu tufayli pullarni naqdlashtirishda yopiq inshootlardagi bankomatlardan foydalanish tavsiya etildi.

Sinf xonalarida harorat 16−21 daraja iliq bo‘lishi kerak — SES

Ta’lim muassasalarining o‘quv xonalarida mashg‘ulotlar o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq havo harorati yengil jismoniy ishda +21 daraja, o‘rtacha og‘ir ishda 17 va og‘ir ishda 16 gradusdan past bo‘lmasligi kerak.

Farg‘onada 10 nafar bolaga noqonuniy diniy ta’lim bergan shaxs aniqlandi

Yozyovon tumanida 10 nafar bolaga hujrada noqonuniy diniy ta’lim bergan shaxs aniqlandi. 8 dona diniy mazmundagi adabiyotlar tekshirib ko‘rish uchun hujjatlashtirib olindi.

Qozog‘istonda evakuatsiya qilingan 69 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘yicha ma’lumot berildi

Aktobe viloyatida noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘lda qolib ketgan avtobuslardan 69 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingandi. Transport vazirligi hozirda barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat holda yo‘nalishda o‘z safarini davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Qashqadaryoda xorijiy kompaniya 560 tup daraxtni qo‘porib tashladi

Kasbi tumanida «Indorama agro» xorijiy kompaniyasi 560 tup har xil turdagi va diametrdagi daraxtni qo‘porib tashlagani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 2,8 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

«Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz» — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev «Global Janub ovozi» sammitida nutq so‘zladi. Prezident xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy vazifalar borasida fikr bildirdi. U xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Qashqadaryoda maktab direktoridan $400 so‘ragan soxta prokuratura xodimi ushlandi

Chiroqchi tumanida maktab direktoridan tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 400 dollar talab qilgan soxta prokuratura xodimi ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida u aslida hech qayerda ishlamaydigan va sudlangan shaxs ekani ma’lum bo‘ldi.

Xorazm va Qoraqalpog‘istonda ham darslar 16 yanvardan boshlanadigan bo‘ldi

11 yanvar kuni Xorazmda, 12 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda maktablar ochildi. Biroq oradan bir-ikki kun o‘tib, hudud rahbarlari qarorni qayta ko‘rib chiqdi va o‘quv jarayoni boshlanishini 16 yanvarga qoldirdi. Avvalroq xuddi shunday qaror Buxoro viloyatida ham e’lon qilingandi.

JSST «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dorilari xavfidan ogohlantirdi

JSST «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siroplarining sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish e’lon qildi. Bu O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqaruvchi kompaniya — Marion Biotech tashkilotga hali sifat kafolati bo‘yicha hujjat taqdim etmagan.

Qarshidagi qozonxonada gaz portladi

Qarshining qozonxonalaridan birida gaz portladi. Portlash oqibatida qozonxonaning yengil konstruksiya usulida qoplangan tom qismi qulab tushdi.

Toshkentda tez yordam haydovchisi yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun ogohlantirildi

Sud tez yordam haydovchisini yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda aybdor deb topdi, biroq u javobgarlikka tortilmadi va ogohlantirish berildi. Avvalroq haydovchilar ularga kelgan jarimalar oyliklaridan ushlab qolinayotganini aytib, videomurojaat yo‘llagandi. IIV esa jarimalar bekor qilinishini bildirgan.

Sergelida Cobalt kanalga tushib ketdi

Sergeli tumanidan o‘tgan «Qipchoq» kanaliga Cobalt tushib ketdi. Mashina FVV qutqaruvchilari tomonidan olib chiqildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan fotoreportaj:

Foto: Toshkentda yog‘gan qordan zavqlangan bolalar

Qor — mintaqaga muammolar keltirganiga qaramay, bolalar xotirasida quvonchli onlar sifatida qoldi. Tashqari sovuq, lekin ular hovlilarda qordan odam yasab, qorbo‘ronlar o‘ynashdi. Ko‘pdan beri ishlatilmagan chanalarda uchishdi. «Gazeta.uz» sovuqdan qizargan yonoqlar va quvonchli tabassumlarni kameraga muhrladi.