Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 29 dekabrdagi qarori bilan poytaxtning 10 ta ko‘chasida avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik avtoturargohlar tashkil etilishini ma’qulladi.

«Gazeta.uz» noyabr oyida Glinka, Bratislava, Mirobod, Avliyo ota, Taras Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Fidokor, Sodiq Azimov va Yakub Kolas ko‘chalarida tashkil etilishi rejalashtirilgan avtoturargohlar maketlarini e’lon qilgandi.

Avvalroq aytilganidek, jami yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari soni 2251 ta bo‘lib, 57 ta parkomat o‘rnatiladi. 2 ta evakuator va 2 ta to‘xtash joyi qoidalari va yo‘l harakati qoidalari buzilishini nazorat qiluvchi elektron tizim (parkon) o‘rnatilgan yengil avtomobillar xarid qilinadi. Kelgusida pullik avtoturargohlar tizimi qamrovi kengaytiriladi. Imkoniyati cheklangan haydovchilar uchun to‘xtash joylarining 5 foizini ajratish rejalashtirilgan va ular uchun to‘xtash joylari bepul bo‘ladi.

Hokim imzolagan qarorda Kasy Park kompaniyasiga davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida 10 ta markaziy ko‘chada avtoturargohlar ajratish topshirildi. Shartnomaga ko‘ra, xususiy sherik bu yerda kapital kam qavatli binolar va yordamchi inshootlar qurolmaydi, avtoturargohlar va elektromobillarni zaryadlovchi qurilmalar esa bundan mustasno.

Yer maydonlari DXSH shartnomasining amal qilish muddati — 10 yilga ijaraga beriladi.

Uch oy muddatda avtoturargohlarning elektron platformasini O‘zbekiston IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Ma’muriy amaliyot» va poytaxt hokimligining «Raqamli Toshkent» avtomatlashtirilgan komplekslari bilan birlashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Moliya vazirligi huzuridagi DXSHlarni rivojlantirish agentligi 22 avgust kuni Toshkent shahar transport boshqarmasi va Kasy Park o‘rtasida DXSH to‘g‘risidagi shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bitim qiymati 891 mln so‘mni tashkil etadi.

pullik to‘xtash joylari, тошкент

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kasy Park 2018 yil 7 martda Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik vositalarning ulgurji savdosi hisoblanadi. Ustav kapitali 10 mln so‘mdan iborat.

Ta’sischilari OLDFOLK kompaniyasi va Fazilov Mirodil Nigmatdjan o‘g‘li, rahbari esa Sultonxo‘jayev Sarvar Anvar o‘g‘li.

Mirodil Fazilov Oazis Lux Investments (50%, Oazis mehmonxonasi), Royal Central Development (100%, turar-joy binolari qurilishiga ixtisoslashgan), SD Big-Garden (25%, turar-joy binolari qurilishi), Benchmark Distribution (100%, alkogolsiz ichimliklar va pivoning chakana savdosi), Paper World (100%, boshqa oraliq mahsulotlarning ulgurji savdosi), Premium Paper (50%, noturar joy ijarasi va boshqaruvi) kompaniyalarida aksiyalarga ega. 2021 yil iyun oyida u Toshkent markazidagi gazeta ishlab chiqarish majmuasi binosini 78 milliard so‘mga sotib olgan «Metro Plaza» kompaniyasiga hammuassis bo‘lgan. Hozirda uning ulushi tadbirkor Mamasaidovlar oilasiga o‘tgan.

Kasy Park`ning ikkinchi asoschisi OLDFOLK 2022 yil 4 avgustda 1 mln so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ta’sischilari Sarvar Sultonxo‘jayev, Akmal Yusupov, Komronbek Amirsaidov va Saidazim Qosimov (har biri 25 foizdn aksiyaga ega) hisoblanadi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Transport vazirligi huzuridagi Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovning pullik avtoturargohlar tizimi qanday joriy etilishi haqidagi intervyucini e’lon qilgandi. Pullik avtoturargohlarni joriy etish bo‘yicha ekspert xulosalari ham ommaga taqdim etildi. Unda mutaxassislar muammoni kompleks hal etish zarurligini ta’kidlashgandi. Odamlar avtomobildan voz kechishi uchun normal jamoat transporti bo‘lishi, mashinalar hovlilarga kirib ketmasligi va, nihoyat, aholi bilan muloqot to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak, degan fikrni bildirgandi ekspertlar.