O‘zgidromet markazi respublika hududi bo‘yicha 10−13 yanvarga ob-havo prognozi haqida ma’lumot berdi.

9−10 yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismining shimoliy hududlari ustida shakllangan juda sovuq havo massasi kirib kelishi boshlandi. Seshanba kunduz kuni respublika hududining katta qismida qor yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarini ba’zi joylarida kuchli bo‘ladi.

11 yanvarda faqat respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida qor yog‘ishi saqlanib turadi. Keyinchalik hafta oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha, asosan, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

10−11 yanvar kunlari Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida esa 23−25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Sovuq havoning kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha haroratning sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ladi.

Haftaning o‘rtasiga kelib, harorat kechalari −12…−17 darajacha, ba’zi joylarda -20 darajagacha, kunduz kunlari −5…−10 darajagacha, ba’zi joylarda -12 darajagacha pasayadi. Eng kuchli sovuq respublika shimolida kechalari −20…−25 darajagacha, Ustyurtda va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida −27…−30 darajagacha, kunduz kunlari −7…−12 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.

Ushbu haftaning oxirigacha anomal (g‘ayritabiiy) sovuq ob-havo saqlanib turadi.

O‘zbekiston bo‘yicha eng past harorat qiymatlari so‘ngi marta 2008 yilning yanvar oyida kuzatilgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat −17…−22 darajagacha, ba’zi joylarda −24…−26 darajagacha, Qoraqalpog‘iston va cho‘l hududlarda −30…−33 darajagacha pasayishi qayd etilgan. O‘sha yilda Toshkentda minimal harorat -17,4 darajani tashkil etgan.

1972, 1973, 1974 va 1977 yillarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yanada qattiq sovuqlar kuzatilgan. Shimolda va cho‘l hududlarda bu yillarda harorat −33…−38 darajaga yetgan. Toshkentda 1974 yilning yanvar oyida havo harorati -18,6 darajagacha pasayishi qayd etilgan.