Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati ijtiomiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan — yosh bolaning hovlida ilon ushlab yurgani va bu harakatni amalga oshirishga uning otasi undayotgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Videoda hali 2 yoshga ham to‘lmagan bolaning ilonlarni ushlab, silkitib, ularni yerga urayetgan, qolaversa, uning otasi jonivorlarni ushlashga undayotganini ko‘rish mumkin.

«Bolakay hali hech narsani tushunmaydi, tirik jonivorga ozor berayetganini anglamaydi. Ilonlar zaharsiz bo‘lishi mumkin, ammo bolakay zaharli ilonni ko‘rsa ham uni o‘yinchoq sifatida qabul qilishi tabiiy. Ularni ushlayman deb, o‘zining hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Ota-onaning o‘z farzandini tabiatga nisbatan beshafqat qilib tarbiyalashi va buni boshqalarga ko‘z-ko‘z qilishi to‘g‘rimi?», — deb yozgan Telegram`dagi Ekologuz kanali.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea Ohangaron tumanining «Go‘shsoy» mahallasida 2022 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan Ohangaron tumani Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Shohruh Xolboyev mahallada yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro F.N.ning xonadonida bo‘lgan.

Ekologiya bo‘limi rahbari bola otasi bilan yosh farzandini ilon bilan o‘ynashiga yo‘l qo‘yib bergani, bu esa bolaning hayoti va sog‘iligiga xavf solishi mumkinligi hamda bunday videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida suhbatlashib, tushuntirish ishlarini olib borgan.

«Fuqaro o‘z qilmishi to‘g‘ri bo‘lmaganligini tan olib, nojoiz xatti-harakatlari oqibatida farzandiga zarar keltirishi haqida o‘ylamaganligi, ayniqsa, holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishi boshqalar uchun ham zarar keltirishi mumkinligini bilmaganligini ta’kidlab, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligini aytib o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hokimlik fuqarolardan turli jonzotlarning zararsiz ekanini targ‘ib qilishga qaratilgan axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirishdan saqlanishlarini so‘radi.