O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 yanvar kuni sanoatda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Prezident asosiy masalaga o‘tishdan avval mamlakatga kirib kelgan sovuq havo ta’sirini betalafot o‘tkazish choralariga to‘xtalib o‘tdi. Barcha tuman va hududlarda tashkil etilgan shtablar uzluksiz ishlashi kerakligi, aholi ehtiyojlari tezkor hal etib borilishi shartligini ta’kidladi.

Ijtimoiy soha obyektlarini energiya va issiqlik bilan ta’minlashni alohida nazoratga olish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, barcha darajadagi hokimlarga tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda yo‘llarni tozalash ishlarini tashkil etish, transport vositalarining xavfsiz harakatini ta’minlash topshirildi.

«Vazirlar Mahkamasi rahbariyati oldiga har bir viloyat, tuman va shahardagi ahvol bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatib, joylardagi muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasi qo‘yildi», — deyiladi xabarda.

Barcha darajadagi hokimlarga (birinchi variantda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya deb yozilgandi) yo‘llarni tozalash ishlarini va transport vositalarining xavfsiz harakatini tashkil etish topshirildi.