Bu safarga qor bo‘roni va «anomal sovuq»ga rasmiylar ham, shahar aholisi ham oldindan nisbatan durust tayyorgarlik ko‘rishga ulgurdi: ko‘chalarni tozalashga ko‘proq texnika va xodimlar jalb qilingani aytilmoqda, jamoat transporti kutilganidan-da barqaror harakat qilmoqda — bunga ta’lim muassasalaridagi qishki ta’tilning «anomal sovuq»ning oxirigacha uzaytirilgani hamda aksariyat idora va tashkilotlar o‘z xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazgani ham ta’sir qilgan.

Shahar ma’muriyati ichki piyodalar yo‘laklaridagi sirpanchiqliklarni bartaraf etish uchun ko‘p qavatli uylarning pod’ezdlari oldiga qumli qoplar qo‘yib chiqqan. Obodonlashtirish xizmati xodimlaridan tashqari har turli tashkilotlarning xodimlari ham o‘zlari joylashgan binolar oldidagi yo‘laklarni qordan tozalamoqda.

Qor tinimsiz yog‘ayotgani sababli maxsus texnikalar yo‘llarni tozalab, ularga qum-tuz aralashmalarini sepib chiqishga ulgurmayapti. Shu sababli haydovchilar, xuddi bir oy avvalgidek, o‘ta ehtiyotkorlik bilan, tezlikni oshirmay harakatlanmoqda. Shunga qaramay yo‘llarda kichik yo‘l-transport hodisalarini ko‘rish mumkin.

Ayrim joylarda daraxtlar qorning og‘irligini ko‘tara olmay, qulamoqda. Buning oqibatida avtomobillarga zarar yetgan holatlar ham bor.

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Toshkent aeroportidagi bir qator reyslar kechiktirilgan.

тошкент, qor