Samarqand xalqaro aeroportida pnevmatik to‘pponcha olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deya xabar qilmoqda viloyat bojxona boshqarmasi.

«Samarqand aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan «Sheremetevo-Samarqand» yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan, «yashil» yo‘lak orqali harakatlanayotgan fuqaro R.H. to‘xtatilgan.

Xolislar ishtirokida R.H.ga tegishli bagaj sumka belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, qiymati 5 mln so‘mlik 1 dona kalibri 4,5 mm bo‘lgan pnevmatik to‘pponcha hamda ushbu to‘pponchaga tegishli 4 dona siqilgan havo balonchalari va 89 dona o‘qlarni tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirishga uringanligi fosh bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning hukmi bilan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, sudlanuvchi R.H.ga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida 1 500 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan 1 dona kalibri 4,5 mm bo‘lgan pnevmatik to‘pponcha hamda ushbu to‘pponchaga tegishli 4 dona siqilgan havo balonchalari va 89 dona o‘qlari tegishli tartibda yo‘q qilindi.