1905 yilning 10 yanvarida shoir, adib, jamoat arbobi — Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tug‘ilgan. Bugun uning bolalari — Omonbek, Bekjon, Gulrang, Suyunbek ham hayot emas. Adib vafot etgan yili 4 yashar bo‘lgan nevarasi Oynur opada esa bobosi haqida to‘liq xotiralar mavjud emas. Ijodkorni kelajak avlod ham yaqindan tanishi uchun uning asarlari qatori uy-muzeyi, undagi moddiy meros alohida qiymatga ega bo‘ladi. «Gazeta.uz» shoirni xotirlash maqsadida uning Yunusobod tumani «Yangiariq» mahallasida joylashgan uy-muzeyida bo‘ldi.

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Toshkentning «Govkush» mahallasida tug‘ilgan Oybek kambag‘al oiladagi yetishmovchilik, ochin-to‘qin kunlar sabab bolalik, o‘smirlik paytlari Narimonov nomli texnikum yotoqxonasida yashab, o‘qiydi. Zarifaxonim bilan oila qurgach, Toshkentning to‘rt dahasida, turli burchaklarida ijara uylarda kun kechiradi. 1940 yili hukumat fan va madaniyat xodimlariga ham yer taqsimlab bera boshlagach, darbadar shoir ham yerli bo‘lib, uy soladi.

Yunusoboddagi Iftixor 1-tor ko‘chasi bo‘ylab 3−4 daqiqa yurganda, chap tarafdan Oybek uy-muzeyi joylashgani haqida ma’lumot beruvchi maxsus belgi chiqadi. Shu belgi bo‘ylab ketilsa, ikki qavatli 26-uy keladi. Uy peshtoqiga «Oybek uy-muzeyi» deb yozib qo‘yilgan, darvozadan chap tarafga o‘rnatilgan uchta lavhachada esa bu uyda yashab ijod qilganlar — akademik Oybek qatori uning rafiqasi, birinchi o‘zbek kimyogari Zarifa Saidnosirova hamda ularning o‘g‘li, kimyo fanlari doktori Suyun Toshmuhammedov haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Uy-muzey 1980 yili — adib tavalludining 75 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. U ikki — badiiy va memorial qismdan iborat. Katta darvozadan kirgach, chap tomondagi ayvonda 5 xonali binodan iborat badiiy qism keladi. Unda Oybekning hayot va ijod yo‘lini aks ettirgan ekspozitsiyalar bor. Muzeyda 10 mingdan ortiq eksponat mavjud bo‘lib, yiliga 13 mingga yaqin tashrifchi keladi.

Oybekning bolalik va yoshlik davri bilan tanishtiruvchi birinchi xona. To‘rda rassom Boris Brinskix chizgan «Govkush» mahallasining 1960 yillardagi manzarasi aks etgan surat. Chap tarafdagi burchakda Oybek oilasida ishlatilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, eski maktab anjomlari o‘rin olgan bo‘lsa, devorda Oybek tavallud topgan uyning 1950 yillardagi ko‘rinishi tasvirlangan. Bolaligida ota-onasi bilan tushgan, akasi Isomuhammad va singlisi Shafoatning 60-yillardagi suratlari, yana o‘sha paytlardagi ta’lim jarayonining taxminiy tasviri osig‘liq.

O‘ng tomonda esa adib ta’lim olgan «Namuna» maktabi, Narimonov nomidagi texnikumning domla va talabalari tushgan fotosuratlar. Adib rafiqasi Zarifa Saidnosirova bilan shu texnikumda tanishadi. U 1925 yili o‘qishni tamomlab, O‘rta Osiyo davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida o‘qish bilan bir paytda maktabda til va adabiyotdan dars bera boshlaydi.

1927 yili esa o‘qishini Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg)dagi xalq xo‘jaligi institutiga ko‘chiradi. Ammo nam va zax havo Oybekning sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilgach, 1930 yili Toshkentdagi o‘qishiga qaytib keladi. Orada 1929 yili Yaltada davolanadi. Zarifa Saidnosirova «Oybegim mening» kitobida ushbu davrni quyidagicha keltirgandi:

«Oybekning 1927−1928 yillardagi och va yupun holda Leningradda yashashi beiz ketmadi: yuqorida aytib o‘tganimdek, u sil kasalligini orttirdi. 1928−1929 o‘quv yilida esa uning ne-ne zahmatlar bilan topgan puli ham sog‘lig‘ini tiklash uchun imkon bermadi. Kundan-kunga og‘irlashib borayotgan xastalikni endi faqat ovqat bilan yengib bo‘lmas edi. Leningradning nam, salqin ob havosi yengib bo‘lmas bir mushkulot edi».

Shuningdek, bu xonada adib ilk she’rlarining qo‘lyozma va bosma nusxalari, uning ijodi shakllanishiga turtki bergan shoirlar va ularning kitoblari o‘rin olgan. Xona derazasidagi vitrajdan Oybek taxallusining ramziy ma’nosini ifodalaydigan oy tasviri Toshkent osmonidan mo‘ralab turadi.

Zarifa Saidnosirovaning yozishicha, Oybekning kitob o‘qiyotganda sahifa uchlarini chaynab o‘tirish odati bo‘lgan:

«Oybek mutolaani g‘oyat sevardi, kitob ustida zahmat chekish unga bir olam zavq-shavq bag‘ishlar edi. Men buni Leningraddan keltirgan kitoblaridan ham bilardim. Plexanov, Gegel, Kant asarlari kechalari bilan o‘qib chiqilgani uchun shaloqlangan, chizilgan, sahifa uchlari esa kemirilgan bo‘lardi. U kitob o‘qiganda, she’r yozganda, xayol og‘ushida bo‘lib, sahifa uchlarini uzib-yirtib, chaynab o‘tirardi. Butun umr shu odatini tark etolmagan».

Ikkinchi xonada Oybekning 1930−40 yillardagi hayoti va ijodi o‘rin olgan. 1936 yili Pushkin yubileyida «Yevgeniy Onegin» she’riy romanini tarjima qiladi. Shuningdek, u bu davrda «Dilbar — davr qizi», «O‘ch», «Baxtigul va Sog‘indiq», «Navoiy» singari 10 ga yaqin doston yozadi.

1937 yili Oybek Cho‘lponning «dum»i, Turkiston Muxtoriyati hukumatining g‘aznachisi Saidnosir Mirjalilovning kuyovi deya qoralanib, «xalq dushmani» sifatida Yozuvchilar uyushmasidan ham, Til va adabiyot institutidan ham haydaladi.

«Biz har kuni ertalab hali u, hali bu tanishimizning qamalganini eshitamiz. Kunlar nihoyatda betinch… Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jayevlardan boshlab eng gunohsiz g‘arib bir muallimga qadar barchasi «xalq dushmani» deb e’lon qilingan. Shu qora qirg‘in paytida, ayniqsa, ziyolilar qirilib ketdilar. Hech kim bu qirg‘indan chetda qolmadi, deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas. Hatto Oybekni ham qamalgan, degan gaplar tarqaldi. Na kunduz halovat bor, na tunda uyquda rohat. Har daqiqa tashvish, har daqiqa yurak titroqda…

Biz bolalarni qo‘rg‘onda qaynonam va qaynotamga qoldirib, ikki temir karavotni katta bog‘ning bir chetiga ko‘chirdik. Ikkovimiz shunda tunlarni bedor o‘tkaza boshladik. (Bog‘dan go‘yo bizni topa olmaslar emish!). Kechasi, kolxozning bizga yaqin joyida traktor ishlar ekan, biz undan bexabarmiz. «Ana, biznikiga mashina kelyapti», deb nafasimizni yutib, qotib qolamiz. Men Oybekni mahkam quchoqlab yotaman, go‘yo menim qo‘ynimdan uni tortib ololmaydiganlardek", — deya o‘sha kunlarni kitobida eslagan Zarifa Saidnosirova.

Muzeydagi ushbu xona markazidan o‘rin egallagan shishali stendda tahlikali davrda yozib tugallangan «Qutlug‘ qon» romani qo‘lyozmasi, ilk nashri va turli tillarda: rus, uyg‘ur, chex, ozarbayjon, slovak tillaridagi tarjimalari bor.

Zarifa Saidnosirova ushbu romanning yozilish davrini quyidagicha xotirlagan:

«Oybek ko‘chaga ham chiqmaydi. Chiqishning ham hojati yo‘q. Til va adabiyot institutidan haydalgan, Yozuvchilar uyushmasidan chiqarilgan. Gazeta va jurnallar esa uning asarlarini bosmay qo‘yganlar. Shuning uchun ham Oybek butun yoz ichi bog‘dan chiqmay ijod qildi… Lekin bu vaqt ijod vaqti emasdi. Oybekning barcha ustozlari allaqachon qamoqda azob chekayotgan, bir qancha tengdoshlari sekin-asta g‘oyib bo‘layotgan, uning o‘ziga ham qamalish navbati kelgan payt edi. Shunday tahlikali ayyomda ijod bilan shug‘ullanish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ammo Oybek buyuk iroda egasi edi. Shuning uchun ham u o‘ta tahlikali va fojiali kunlarda, g‘urbat yutib, kechirilgan hayotda «Qutlug‘ qon»day go‘zal va o‘lmas bir asarni yaratdi».

1942 yili adib Ikkinchi jahon urushi frontlarida kurashayotgan o‘zbek jangchilari haqida roman yozish maqsadida san’atkorlar brigadasi bilan front bo‘ylab safar qiladi. Brigada ikki haftada zimmasidagi vazifani: askarlarga sovg‘a-salom ulashish, ularni ruhlantirish va boshqalarni bajarib ortga qaytadi. Oybek esa o‘zbek jangchilari bilan uchrashish niyatida front ichkarisiga qarab yo‘l oladi.

Bir eshelonda keta turib buxanka nonga bitta bloknotni almashib oladi. 6 oy ichi frontda yurib, uni to‘ldiradi. Oradan 22 yil o‘tib, ushbu qaydnomalar asosida «Front bo‘ylab» nomli ixchamgina kitobcha chop etiladi.

Uy-muzeyda 30 yildan beri ilmiy xodima sifatida ishlayotgan Gulchehra Shokirovaning ta’kidlashicha, frontda o‘zbek jangchilari bilan uchrashgan Oybekning ko‘nglini bir g‘ashlik qoplaydi, Toshkentga juda xafa bo‘lib qaytadi.

«Zarifa, o‘zbek yigitlari janglarda o‘lib ketyapti. Ular ketmon ushlash uchun yaratilgan, ketmonni biladi, qurolni bilmaydi-ku! Ura, deb kimdir chopsa, hammadan avval ular otilib chiqib, zabardast yigitlarimiz o‘lib ketyapti» — deya Oybekning rafiqasiga aytganlarini misol keltiradi Gulchehra opa.

Bu xona devorlarida Oybekning oilasi, farzandlariga yozgan telegrammalari, urushdan keyin Angliya, Pokiston, O‘rta yer dengizi, Misrga turli sabablar bilan qilgan safarlaridan esdalik fotosuratlar ham osig‘liq.

Uchinchi zaldagi eksponatlarning ko‘pi Navoiy mavzusiga bog‘langan. Oynavand burchakka «Navoiy» romanining qo‘lyozma, ilk nashri hamda boshqa tillardagi tarjimalari joylangan. Roman rus, ingliz, ukrain, nemis, belorus, qozoq, turkman, ozarbayjon, tojik, arab, fors, eston, latish va xitoy tillariga tarjima qilingan.

«Navoiy» romani 1942 yili bitadi. Uning qay tariqa paydo bo‘lganini Oybekning rafiqasi shunday eslaydi:

«Yigitlar ketma-ket urushga jo‘namoqdalar. Oybek ham harbiy hisobda, lekin uni „bron“ bilan tutib turibdilar. O‘zining ko‘ngli nechuk — bilmayman. Ammo men uning shoirligini, adibligini, Vatan uchun bu sohadagi xizmati qimmatli ekanini o‘ylayman… Ochlikdan o‘zimiz ham, bolalarimiz ham o‘lmasligi uchun nimalarni qilmadik… Oybek ana shunday mushkul bir sharoitda „Navoiy“ romanini yozib tugatdi».


Adib shundan so‘ng «Mahmud Torobiy» tarixiy dramasini ham yozgan. 1943 yili O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi tashkil etilgach, Oybek, G‘afur G‘ulom uning haqiqiy a’zosi qilib saylanadi. 1951 yilgacha akademiyaning gumanitar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Urush tugagach, shoirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais etib saylaydilar.

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Ushbu stend «Oybekka qarshi hujum» deb nomlanadi. Oybekni yo‘ldan olib tashlamoqchi bo‘lganlar uni «Navoiy» romanida Alisher Navoiy siymosini ortiqcha ideallashtirib yuborganlikda ayblaydilar. Zarifa Saidnosirova o‘sha kunlarni quyidagicha xotirlagan:

«Bir kuni Oybekka moskvalik bir arman injeneridan xat keldi. U o‘z xatida: «O‘zi Navoiyga o‘xshamagan adib Navoiy haqida bunday romanni yoza olmagan bo‘lardi», debdi. Bu nihoyat topib aytilgan gap edi. Lekin shu choqlarda Toshkentda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi atrofida Uyg‘un boshchiligida aylanib yurgan bir guruh Oybekni oyoqdan chalish niyatida ish boshlagan edi. Ko‘p o‘tmay, Uyg‘un o‘z maqsadiga erishib, uyushmaga rais bo‘lib oldi va Oybekka qarshi qattiq kurash boshladi. Uning bu g‘arazli niyatiga Milchakov, Sheverdin, Oydin, Mirmuhsin, Vohid Zohidovlar sherik bo‘lgan.

Ammo Oybekni yiqitish birmuncha qiyin ketdi. Har kuni gazetalarda Oybekka qarshi maqolalar chiqa boshladi. Oybekning ichi qora dushmanlari jon-jahdlari bilan «Navoiy» romaniga yopishdilar. Navoiy siymosi romanda ortiqcha ideallashtirilgan emish. Bu haqda Markazqo‘m plenumida Niyozov ham, boshqa notiqlar ham og‘iz ko‘pirtirib gapirdilar. Oybekni qamash uchun uning butun ilmiy va ijodiy faoliyatini taftish qilib chiqdilar. Ammo «Navoiy»dan siyosiy xato topishga ularning kuchlari yetmadi».

Oybekni qoralaganlar safida do‘stlari, shogirdlari ham bo‘lgan. «Navoiy» romaniga qarata otilgan toshlar orqali g‘arazli maqsadlarini amalga oshirolmaganlar «Oltin vodiyda shabadalar» romaniga osiladi. Oybek romanda tuya haqida ham yozgan. Vohid Zohidov: «Hozir mashina zamoni! Tuya kerak emas! Oybek taraqqiyotni ko‘rsatishni istamaydi», degan tanqidlar qiladi.

Ctendda Oybekka yozilgan kechirim xati ham bor. Muzey ilmiy xodimasining aytishicha, yuqoridagi tuhmatlardan 10 yillarcha o‘tib, shoirning shogirdi Botir Fayziyev ushbu xatni yozgan.

Unda Oybekni yo‘ldan olish kerak degan topshiriq ortidan o‘zining davr qurboni bo‘lgani, lekin adibga tuhmat qilganidan keyin adabiyotdan non topolmay qolgani, odamlar «Oybekni yiqitgan, yo‘ldan olgan, Oybekni shol qilgan» degan gaplar bilan uni osh, gap, choyxonayu, to‘yga aytmay qo‘ygani haqida yozib, kechirim so‘ragan. Xatga javob bo‘lmagandan keyin shu uyga kechirim so‘rab kirib kelgan. Oybek esa uni kechirib, kelajakda olim bo‘lishiga juda katta hissasini qo‘shadi.

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

O‘sha zamonning ichki ishlar vaziri Oybekdan ham do‘st-birodarlariga qarshi ko‘rsatmalar so‘ragan, ammo u buni rad etgan. Zarifa Saidnosirova bu haqdagi xotiralarini quyidagicha bayon etgan:

«Bir kecha uyimiz oldida mashina to‘xtab, eshik qoqildi. Ichki ishlar ministrligidan kelgan odam Oybekni olib ketajagini aytdi. Mening oyoq-qo‘llarimda mador qolmadi. Qaytib kelib Oybek o‘zi bilan nima sodir bo‘lganini so‘zlab berdi: «To‘g‘ri ministrning oldiga olib bordilar. Uning kabinetida ikki-uch soat kutdim. So‘ng shohi to‘nga o‘ralib chiqdi. Ministrni ba’zan tantanali majlislar hay’atida, sahnada ko‘rardim. Baland bo‘yli, yirik gavdali, devday bahaybat, ko‘zlariga qahr-g‘azab quyilgan bir kishi u! Gruzin bo‘lsa ham ism-sharifini o‘zbekchaga muvofiqlab, Kobulov qilib olgan. Aslida Kobulidze bo‘lgan.

«Sen yozuvchisan. Yozuvchilar orasida shubhali unsurlar, xalq dushmanlari ko‘p. Nega biror marta kelib aytmaysan? Bizga xizmat qilishni istamaysan!» — dedi u dag‘dag‘a qilib. Men: «Axir men shoirman, adibman, bunday ishlarni eplay olmayman», — dedim. Shundan keyin uning g‘azabi ko‘pirib ketdi, so‘kdi, itdan battar qilib haydadi, meni…

Oybek ko‘chaga chiqqanida, Ivanov unga: «Xafa bo‘lmang! Ministrimiz biroz qo‘rs, qo‘pol odam. Uning ishi shuni taqozo etadi», deb uzr degannamo gapiribdi.

— Ministringizga ayting, — debdi Oybek uning so‘zlariga javoban. — Agar u ichki ishlar ministri bo‘lsa, men she’riyat ministriman. U bugun ministr bo‘lsa, ertaga uning o‘rniga boshqa odam keladi, men esam adabiyot olamida abadiy ministr bo‘lib qolaman!".


Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Bu zalda Oybekning Xitoydagi xotiralari ham bor. U bu davlatga davolanish maqsadida boradi. Yuqoridagi fitnalardan keyin Oybek tildan qoladi. Noxush xabar bir kechada shaharga yoyiladi. Bir guruh dushmanlar hatto «Oybek vafot etdi» degan mish-mishni ham ovoza qiladi. Uyiga duo-fotiha o‘qish uchun odamlar ham kela boshlaydi. Ma’lum muddat o‘tgach, Xitoyga jo‘nab ketadi. Shifokorlar unga ushu mashqi bilan shug‘ullanishni tayinlagani uchun o‘zi bilan qilich olib keladi.

To‘rtinchi zal «Oybek abadiyati» deb ataladi. Bu yerda adibning o‘zbek va rus tillaridagi ko‘p jildlik asarlari nashri, shuningdek, ayrim asarlarining umrining oxirgi yillari xorijda bosilgan nusxalari, mukofotlari o‘rin olgan. Bundan tashqari, adib surati tushirilgan, misralari bitilgan sopol va chinni buyumlar, mis idishlar, Oybekka bag‘ishlangan badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar ham saqlanadi. Javondagi asarlarni nashrdan chiqarishga Zarifa Saidnosirova bosh-qosh bo‘lgan.

Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Zaldan ichkariroqqa yurilsa, Oybekning ijodxonasiga chiqiladi. «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlari shu yerda yozilgan. Bu xona «Oybegim mening» memuarida shunday ta’riflanadi:

«1941 yilning yozi. Endi ta’tilga chiqish oldidamiz. Bir uyimiz kichkina: ikki yarimga uch yarim. Uning sahnini 25 santimetrga ko‘targanmiz. Pastak bir deraza oynasi bilan taxmon bor; shipi taxta va fanerdan o‘ymakor ishlangan. Bu bizning o‘zbekcha shinamgina bir xonamiz. Sahniga gilam va ko‘rpacha tashlab, yostiqlar qo‘yganman. O‘rtada xontaxta. Oybek shu uyda, yerda o‘tirib ishlashni, horiganda yonboshlashni yaxshi ko‘rardi. Ko‘pincha ko‘ngliga yaqin bir-ikki mehmonni ham shu uyda qabul qilardi».

Oybek xastalik kuchayib, bir qo‘li ishlamay, harakatlari cheklangan, xotirasi susayganda ham shu xonada rafiqasining ko‘magi bilan ijoddan to‘xtamagan. «Quyosh qoraymas», «Ulug‘ yo‘l» romanlari, «Nur qidirib», «Bolalik», «Bola Alisher» qissalarini bitgan.

«1951 yil — Oybekning xasta bo‘lgan yili. Hozir uning oyoq-qo‘llari yaxshi, faqat o‘ng qo‘lining ikki barmog‘i ishlamaydi. U endi so‘l qo‘li bilan yozishga urinadi. Shu tarzda Oybek «Xaqgo‘ylar» dostonini yozdi. «Nur qidirib» va «Quyosh qoraymas» asarlari ustida ishlay boshladi. So‘l qo‘l bilan yozish, tabiiy, oson emas. Shuning uchun ham endi unga yordam bera boshlayman. Men institutdan kelgach, Oybek gapiradi, men yozaman. Oybek 17 yil davomida og‘ir xastalik ila mardona kurashdi. Men uning kundalik kayfiyatini, tilagini, umidini ko‘rib bordim; birga his qildim, birga qadam bosdim.

1968 yil 1 iyulda Oybek vafot etdi. Men hayotimning birdan-bir ma’nosi bo‘lgan ulug‘ insondan judo bo‘ldim. Bolalarim bir umrga otasiz qoldilar. Men hozir Oybekning o‘limoldi kunlarini yozishga qanchalik shaylanmay, qo‘lim qaltirab, nafasim tiqilib qolmoqda. Qulog‘imda hali ham uning: «O‘lyapman, Zarifa, mendan rozi bo‘l!» degan so‘zlari jaranglab turibdi… Balki Oybekning so‘nggi kunlarini keyinroq, musibat alami biroz xira tortgandan keyin yozarman… U kunlarni eslash nihoyat og‘ir. Yozsam-yozmasam, baribir, Oybekning so‘nggi nafas olishlari har kun, har soat, har daqiqa ko‘z oldimdan o‘tadi", — deya turmush o‘rtog‘i umrining so‘nggi yillarini qanday o‘tkazganini tasvirlaydi rafiqasi.

Darvoqe, muzey adabiy qismining kiraverishdan o‘ng tomonidagi xonada adibning ayoli Zarifa Saidnosirova hamda uning otasi — mashhur ma’rifatparvar, tadbirkor Saidnosir Mirjalilovga oid eksponatlar: rasmlar, hujjatlar, buyumlar, kartinalar mavjud. Shu xona devorlaridagi moybo‘yoq bilan ishlangan tabiat manzaralarini olima umrining so‘nggi yillarida chizgan.

Adabiy qismdan hovliga chiqqach, shimoliy tarafdagi binoga ko‘zimiz tushdi. U yerda memorial xonalar: mehmonxona, ijodxona (birinchi qavatda), bolalar xonasi va yotoqxona (ikkinchi qavatda) joylashgan ekan.

Hovlida turib, Oybekning zarif she’riyatida tasvirlanmish tabiatni xonadoniga ham ko‘chirganiga amin bo‘ldim. Kaftdek bog‘da shoir ekkan archa, chinor hamon qad kerib turibdi.

Hovli o‘rtasidagi adib haykaliga termulib, muzeyning badiiy qismidagi xat-hujjat, fotosuratu, kitoblar ko‘z oldimdan kinotasmadek o‘taverdi. Oybek domla aytganidek, bir paytlar uni so‘roq qilgan, ta’qib etib, salomatligiga ziyon yetkazganlarning nomi faqat hujjatlarda qoldi, shoir nomi esa tarixga mangu muhrlandi. Uy-muzeyini shu holiga keltirgunicha tinib-tinchimagan, umr yo‘ldoshiga chinakam tirgak, haqiqiy rafiqa bo‘lgan Zarifa Saidnosirova bo‘lsa ilk olima rutbasi qatori sadoqat timsoli hamdir.