Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda «Chilonzor buyum savdo kompleksi» hududida savdo rastasi qatoridagi soyabonlar qulab tushganligi aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

10 yanvar kuni Chilonzor tumanida joylashgan «Chilonzor buyum savdo kompleksi» hududidagi 3−4 ayvonlarning yon tomoni va 5−6 ayvonlar orqa tomonidagi yo‘laklarda o‘rnatilgan soyabonlar (naves) qor qalin yog‘ganligi sababli og‘irlikni ko‘tara olmay egilib tushgan.

Hududdagi fuqarolar va tadbirkorlar ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida evakuatsiya qilingan. Hodisa natijasida jarohat olganlar yo‘q. Ushbu savdo do‘konlari vaqtinchalik yopildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati hokimligi Zangiota tumani hududida joylashgan «Bek baraka» savdo kompleksi noqulay ob-havo sharoiti tufayli 3 kunga o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi.