Telegram`dagi «Kompromatuzb» kanalida Andijon, Xorazm, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 11 yanvardan o‘qish boshlanishi haqida xabar qoldirilgandi.

Andijon viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 11 yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlanadi.

Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida 11 yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlanishini ma’lum qilamiz. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining kelgusi faoliyati ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda tashkil etiladi, — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Shuningdek, Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ham o‘qish boshlanishini ma’lum qilgan.

Xabaringiz bor, maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanib, 14 kalendar kun, ya’ni 2023 yil 10 yanvargacha davom etishi belgilangan edi. Gidrometerologiya markazi xabariga ko‘ra, 11−18 yanvar kunlari viloyatimizda havo haroratining keskin tushib ketmasligini inobatga olib, 2023 yilning 11 yanvar sanasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qish jarayoni boshlanishini ma’lum qilamiz, — deyilgan unda.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz» holat bo‘yicha izoh berdi.

Hali qaror qabul qilingani va e’lon qilingani yo‘q. Hamma hududlarda hokimliklar, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim bo‘limlari, OTMlar va filiallar rahbarlari ishlashyapti. Ta’lim muassasalarining sharotini birma-bir o‘rganishyapti. Bu jarayonda bir xil qarash bo‘lmaydi. Talabga javob beradiganidagina o‘qish bo‘lishi mumkin. Bunda, albatta, barcha infrastrukturalar hisobga olinadi, — deyiladi munosabatda.

Surxondaryo viloyatida ham 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanadi. Talaba-o‘quvchilarning OTM joylashgan hududlarga yetib borishlari uchun qo‘shimcha avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘quv jarayonlarini tashkil etishda hudud imkoniyatlari, talabalarning noqulay ob-havo sharoitlarida oliygohlarga yetib kelishlari to‘la inobatga olinadi va bunga zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Farg‘ona viloyati hokimligining bildirishicha, viloyat maktablarida o‘qish 16 yanvardan boshlanadi. 11 yanvardan 12 ta oliy o‘quv yurti, 76 ta texnikum, kollej, kasb-hunar maktablarida o‘qishlar boshlanishi belgilandi. Viloyatdagi 975 ta umumta’lim o‘rta maktablarida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda esa o‘qish 16 yanvar, dushanba kunidan boshlanishiga qaror qilindi. Viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham 16 yanvardan odatiy faoliyatiga qaytadi.