O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida anomal sovuq sabab qishki ta’til 18 yanvargacha uzaytirilganiga qaramasdan Andijon va Xorazm viloyatlaridagi ta’lim muassasalarida 11 yanvardan, Farg‘onada esa 16 yanvardan o‘quv jarayonlari boshlanishi ma’lum qilingandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa oliy o‘quv yurtlari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktablari va akademik litseylarda o‘qish mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda 11 yanvardan bosqichma-bosqich boshlanishini xabar qildi.

Ayni mavzudagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinmoqda. Xususan, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov o‘z Telegram kanalida ushbu qarorlarni ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilish kerakligini yozdi.

«Biz mahalliy davlat hokimiyati organlari va ta’lim jarayonlariga mas’ul hududiy idoralarni maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida o‘qish jarayonlarini keyingi haftadan boshlash masalasini ko‘rib chiqishga chaqiramiz. Avvalo, anomal sovuq va yog‘ingarchilik sharoitida o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga yetib kelishi keskin qiyinlashadi. Ayrim qishloqlarda bolalar bir necha kilometr piyoda yurib maktabga qatnashini inobatga olish zarur», — deb yozdi Bekmurodov.

Uning qayd etishicha, qator hududlarda maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida isitish tizimlari to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagan.

«O‘qishni boshlashning aniq muddatini belgilash qarori nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilinishi lozim», — deydi «Yuksalish» raisi.