Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 9 yanvardan O‘zbekistonga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova anomal harorat inson salomatligiga qanday ta’sir etishi va uning oqibatlaridan saqlanish usullari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Mamlakatda 10−15 yanvar kunlari anomal sovuq kuzatilishi, havo harorati kechalari -12−17 daraja, shimolda tunda -17−22 daraja, Ustyurt va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida esa -25−27 daraja sovuq bo‘lishi kutilyapti. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qattiq sovuqda ko‘pincha qon tomirlarining keskin torayishi kuzatiladi.

Anomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq bo‘lish, bolalar va keksalarning ko‘chaga chiqmasligi tavsiya etiladi.

Ayniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga bunday noqulay ob-havo salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qiladi.

Shuningdek, bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayadi. Ya’ni uydan ko‘chaga chiqqanda, bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart.

Anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bunday sharoitda tana a’zolarining muzlab qolish ehtimoli yuqori.

Sovuq qotishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi.

Anomal sovuqda, shuningdek, alkogol va tamaki iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Chunki bunday holatda qon tomirlari keskin torayib, qo‘l va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois ko‘chaga chiqishdan avval tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini teriga surtmagan ma’qul. Aksincha, yog‘li kremlarni qo‘llash tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, «Yuksalish» harakati davlat va xususiy sektordagi ish beruvchilarni anomal sovuq kunlarda, agar xodimlarning ish joyida bo‘lishiga ehtiyoj bo‘lmasa, uydan ishlashiga ruxsat berishga, jamoat transportining uzluksiz harakatini ta’minlashga chaqirgan.

Shuningdek, Energetika vazirligi kutilayotgan sovuq munosabati bilan yirik korxonalarga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish qisqarishi, IESlarga gaz yetkazib berish ko‘payishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, jadvalga ko‘ra, energiya ta’minotida qisqa muddatli uzilishlari mumkin.