O‘zbekistonda 10−15 yanvar kunlari anomal sovuq kuzatilishi, havo harorati kechalari -12−17 daraja, shimolda tunda -17−22 daraja, Ustyurt va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida esa -25−27 daraja sovuq bo‘lishi kutilyapti. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ob-havoning bunday sharoitida xo‘jalik ekinlari va chorva mollarini qanday asrash kerakligi yuzasidan tavsiyalar berdi.

2023 yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlari sovuqdan zararlanmasligi uchun quyidagi chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak:

  • kech ekilgan, ayniqsa, ayrim 1−2 barg holatida bo‘lgan g‘alla maydonlariga chirigan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) sepish;
  • g‘o‘za qator oralariga ekilib, hozirgi kungacha g‘o‘zapoyalardan tozalanmagan maydonlarda g‘o‘zapoyadan tozalash ishlarini sovuq kunlar tugagunga qadar to‘xtatish;
  • elektr energiya cheklovlari bo‘lishini inobatga olib, nasos agregatlari va lotok tarmoqlari muzlab yorilishining oldini olish uchun ulardan foydalanishni vaqtincha to‘xtatish;
  • sovuq ta’sirida g‘allaga zarar yetishi kuzatilgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mutasaddilari va olimlar ishtirokida shtablar tashkil etish.

Sabzavotchilik va poliz ekinlari

Hozirda respublika dala maydonlarida asosan avgust-sentabr piyozlari va sarimsoqpiyozlar ekilgan. Ushbu sabzavot ekinlarini keskin sovuqdan asrash uchun quyidagi tavsiyalarni qo‘llash lozim:

  • ekin maydonlari ustini plyonka qoplamalari bilan oddiy yoki duga usulda qoplash;
  • mahalliy chirigan go‘ng, sholi qipig‘i va apilka bilan mo‘lchalash;
  • somon yoki mayin xashaklar bilan o‘simlik ustini yopib chiqish.

Shu bilan birga, sabzavotlar ekilgan dala maydonini shamol oqimiga qarab olov yoqib tutatish ham foyda beradi. To‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi; ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlari urug‘lari hali yerdan unib chiqmagan va ularning sovuqdan zararlanish ehtimoli juda past darajada.

Issiqxonalarda pomidor va bodring yetishtirishda inshootdagi havo harorati o‘simliklar uchun mos bo‘lishi lozim. Issiqxonada yetishtirilayotgan bodring harorat 0 darajaga tushib ketganda nobud bo‘ladi. Pomidorning esa +7 daraja haroratda ildiz tizimi, -1−2 daraja sovuqda esa o‘simlikning o‘zi nobud bo‘ladi. Issiqxonalarda isiriq va boshqa tutatish (poxol yoki eskirgan texnik ballonlarni yoqib tutatish natijasida ham 2−3 daraja issiqlik berish va ushlab turish mumkin.

Janubiy mintaqalarda sabzavot ekinlarini keskin sovuqdan himoyalash bo‘yicha tavsiyalar:

  • isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go‘ng aralash xashak, poxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish;
  • issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini issiqxonada tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish;
  • har bir dalada havo haroratini kuzatib, -10 darajaga tushishi bilan uyumlarni tutatish;
  • sovuq tushishining eng faol vaqti bu tonggi soat 3−5 oralig‘ida bo‘lib, aynan shu vaqtda o‘simlik sovuqdan zararlanadi, shu bois hushyorlikni oshirish talab etiladi;
  • sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga -2−3 daraja sovuq sezilarli ta’sir etmaydi.

Mevali bog‘ va uzumzorlar

Mevali bog‘ va uzumzorlarda quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish orqali ularni sovuq urishidan himoyalash mumkin:

  • mevali bog‘ va tokzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olib, sug‘orish, ya’ni yaxob suvi berish lozim. Sovuq vaqtida bog‘ va tokzorlarni qondirib sug‘orish natijasida suv harorati havo haroratidan yuqori bo‘lgani uchun suv bug‘lari yer va daraxtlar haroratining pasayishiga yo‘l qo‘ymaydi;
  • urug‘li meva bog‘larda shakl berish va kesish tadbirlarini sovuq haroratlar o‘tgunga qadar vaqtincha to‘xtatish;
  • ko‘milmay qolgan tok tuplari, anor va anjir butalarini sovuqdan saqlash uchun zudlik bilan xashaklar va sholi poyalar bilan yopish yoki tuproq bilan ko‘mish;
  • xurmo daraxtlari tanalarini va shox-shabbalarini xashak, quruq makka va sholi poyalari hamda boshqa narsalar bilan o‘rash;
  • issiqxonalarda yetishtirilayotgan sitrus va qulupnay o‘simliklarini himoya qilish uchun plyonka ostidan yana bir qavat yupqa plyonka tortish (termos qilish) va issiqxona ustidagi qorlarni tushirmaslik zarur;
  • mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish (mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25−1,5 m hamda balandligi 0,5−0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish);
  • daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100−200 ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo haroratini kuzatib borish.

Chorvachilik

Chorva hayvonlari saqlanadigan binolarning maqbul harorati +7 dan +17 darajagacha va mayda shoxli qoramollar uchun +10 dan +12 darajagacha bo‘lishi talab etiladi (yosh qoramollar uchun bu ko‘rsatkichlar biroz yuqori bo‘lishi kerak). Chorva mollarini keskin sovuqdan asrash uchun:

  • chorva hayvonlarini shirali ozuqalar bilan oziqlantirish va suv bilan sug‘orishni yopiq binolarning ichida tashkil etish;
  • yetuk yoshdagi chorva hayvonlarining +10+12 daraja va yosh mollarning +16+30 daraja haroratdagi suv bilan sug‘orilishi maqsadga muvofiq. Bir kunda yetuk yoshdagi qoramollarga o‘rtacha 60−100 litr, yosh qoramollarga 20−30 litr, mayda shoxli qoramollarga 5−10 litr suv ichirish kerak;
  • xo‘jalik hududlarini to‘liq o‘rash va uning hududiga yovvoyi hayvonlar kirishining oldini olish;
  • turli turdagi chorva hayvonlarini bitta binoda saqlamaslik kerak;
  • chorva binolarida tabiiy va maxsus ventilyatsiya tizimi bo‘lishi talab etiladi.

Avvalroq anomal sovuq sharoitida keksalar va bolalarning ko‘chaga chiqmasligi tavsiya etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Yuksalish» harakati davlat va xususiy sektordagi ish beruvchilarni anomal sovuq kunlarda, agar xodimlarning ish joyida bo‘lishiga ehtiyoj bo‘lmasa, uydan ishlashiga ruxsat berishga, jamoat transportining uzluksiz harakatini ta’minlashga chaqirgan.

Shuningdek, Energetika vazirligi kutilayotgan sovuq munosabati bilan yirik korxonalarga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish qisqarishi, IESlarga gaz yetkazib berish ko‘payishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, jadvalga ko‘ra, energiya ta’minotida qisqa muddatli uzilishlari mumkin.