Surxondaryoning Sariosiyo tumanida Nexia, Spark va Gentra ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi viloyat YHXB axborot xizmati.

2 yanvar kuni soat 23:20 larda Sariosiyo tumani «Shabnam» mahallasi hududidan o‘tgan 4H-1583 avtomobil yo‘lining 1-kmsida Nexia, shu yo‘nalishda harakat qilib kelayotgan Spark avtomobiliga borib urilgan. Zarb oqibatida Spark qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, Gentra bilan to‘qnashgan. Nexia esa boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi ariqqa tushib, ag‘darilgan.

Oqibatda Nexia haydovchisi olgan jarohati sabab shifoxonada vafot etdi.

Voqea sababi o‘rganilganda haydovchi tezlikni me’yoridan oshirib harakatlangani, oraliq masofani saqlamagani va yo‘lning tegishli qismi sun’iy yoritilmagani aniqlangan.