Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida Lacetti daraxtga urilish oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi matbuot xizmati.

4 yanvar kuni soat 17:30 larda tumani hududidan o‘tuvchi 4P-41 G‘allaorol — O‘smat — Baxmal avtomobil yo‘lining 16-kilometrida 1999 yilda tug‘ilgan haydovchi O.M. Lacetti avtomobilda yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib, transport vositasi daraxtga urilgan.

YTH oqibatida avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar — 2004 yilda tug‘ilgan N.A. olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida, 1968 yilda tug‘ilgan K.K. shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, avtomobil haydovchisi hamda salonda bo‘lgan yana bir yo‘lovchi yengil tan jarohatlari olgan.

Mazkur YTH yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.