Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Andijon shahar Bog‘ishamol dahasidagi hayvonot bog‘ida 3 yanvar kuni ayiq bog‘ ishchisiga hujum qilib, uni o‘ldirgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 3 yanvar kuni soat 16:00 larda «Usmonobod Fayzi» MCHJga qarashli Andijon hayvonot bog‘i ishchisi A.G. bog‘da saqlanayotgan yovvoyi ayiq hayvoniga ovqat berish maqsadida uning qafasiga kirgan. Bu paytda ayiq unga tashlanib, bo‘yin qismidan tishlab olishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat Xo‘jaobod tumani IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, hodisa joyi tuman IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.

«Fuqaro A.G. ning olgan tan jarohatlarini og‘irlik darajasini va uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan», — deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu hayvonot bog‘ida 2019 yilda ham sherlar soqchining o‘limiga sabab bo‘gandi. Soqchi hech kim yo‘q vaqtda 2 bosh sher boqilayotgan qafasga ular bilan o‘ynash maqsadida kirganida, sherlar hujumiga uchragandi. U «bo‘yin va tananing boshqa sohalarida ko‘plab ochiq yaralar, tananing orqa yuzasida ko‘plab o‘tkir botiq yaralar jarohatlari» yetkazilishi va o‘tkir qon tomir yetishmovchiligi natijasida voqea joyida vafot etgan.