2023 yilda Tabiat resurslari vazirligiga qarashli 5 ta davlat qo‘riqxonasining moddiy-texnika bazasi yaxshilanadi. Buning uchun davlat budjetidan salkam 20 mlrd so‘m ajratilmoqda. Bu haqda vazirlik boshqarma boshlig‘i Halilulla Sherimbetov 30 dekabr kuni «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, shu paytga qadar davlat budjetidan qo‘riqxonalarni saqlash uchun, ya’ni xodimlarning maoshi, benzin, konstovarlarni olishga mablag‘ ajratilgan xolos.

«Lekin ularni rivojlantirishga Ekologiya qo‘mitasi qoshidagi fond mablag‘laridan ishlatilardi. Yangi yildan boshlab esa qo‘riqxonalardagi ishlarni yaxshilash uchun budjetdan mablag‘ ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. 2023 yilda 19,5 mlrd so‘m ajratilyapti. Bu mablag‘ga 5 ta qo‘riqxonaning boshqaruv tizimini yaxshilaymiz. Ya’ni moddiy-texnika bazani rivojlantirishga: fotoqopqonlar, hayvonlarni ro‘yxatga olish uchun dronlar, kameralar xarid qilishga sarflanadi», — dedi u.

Halilulla Sherimbetovning so‘zlariga ko‘ra, salkam 20 mlrd so‘mga, shuningdek, qo‘riqlash tizimi yaxshilanadi, ilmiy salohiyat va laboratoriyalar kuchaytiriladi, olimlarning tajriba va saviyasini oshirish uchun ular xorij davlatlariga yuboriladi. «Xullas, 5 ta qo‘riqxona zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlanadi. Respublikadagi barcha qo‘riqxonalar bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.

Uning qayd etishicha, Tabiat resurslari vazirligi tarkibidagi qo‘riqxonalar soni 24 taga yetdi. «Shundan, 16 tasi Ekologiya qo‘mitasiga qarashli edi. Yaqinda O‘rmon xo‘jaligining 8 ta qo‘riqxonasi qo‘shilgach, jami 24 ta bo‘ldi», — dedi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqarmasi boshlig‘i Halilulla Sherimbetov.