Qozog‘istonda 2022 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar bo‘yicha jinoyat ishida O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ishtirok etmoqda. Bu haqda Qozog‘iston bosh prokurori Berik Asilov 5 yanvar kuni parlament majlisida ma’lum qildi.

«Xorijliklar ham ommaviy tartibsizliklarda va boshqa jinoyatlarda ishtirok etishda gumonlanuvchi sifatida tan olingan. Ular orasida O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham bor», — dedi Asilov.

Bosh prokurorning aniqlik kiritishicha, yanvar voqealari bo‘yicha 573 kishi sudlangan. Sud ishlarining ikkitasi terrorchilik harakatini sodir etish bilan bog‘liq. Ayni paytda ommaviy tartibsizliklarni tashkil etganlikda 18 kishi ayblanmoqda. Ulardan 13 nafariga nisbatan ish sudda ko‘rib chiqilmoqda.

AKIpress nashrining yozishicha, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarining Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yanvar voqealariga aloqadorligini qat’iyan rad etadi.

«Birorta ham Qirg‘iziston fuqarosi Qozog‘istonda na mitinglarda, na ommaviy qirg‘in va talonchilikda qatnashmagan», — deyiladi Qirg‘iziston TIV bayonotida.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston TIV ommaviy tartibsizliklar fakti bo‘yicha jinoyat ishlarini tergov qilish doirasida mamlakatning ikki fuqarosi shartli ravishda sudga jalb etilganini bildirgan.

Avvalroq — 2022 yil mart oyida Qozog‘iston bosh prokuraturasi yanvar voqealari bo‘yicha ochilgan ishlarga 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb qilingani haqida xabar bergandi. Ular tartibsizliklarda ishtirok etish va o‘g‘rilikda gumonlangan.

«Ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha ishlarga 19 nafar xorijlik jalb qilingan. Shundan 11 nafari — O‘zbekiston, 4 nafari — Rossiya, 2 nafari — Qirg‘iziston, 1 nafari — Xitoy, 1 nafari — Tojikiston fuqarolari», — deyilgan xabarda.

Ma’lumot uchun, yanvar voqealaridan so‘ng jami 1249 kishi asosan o‘g‘rilik, qurol o‘marish va tartibsizliklarda ayblanib sudlangan. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq haqiqiy jazo muddatlari 160 kishiga qo‘llanilgan. Qolganlarga nisbatan yengil jazo choralari tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mangistau viloyati Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga (60 tengedan 120 tengega) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishi bilan boshlangan edi.

Shundan keyin namoyishlar Aktau viloyati markazida ham bo‘lib o‘tgan, so‘ngra Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan, poytaxt Nur-Sulton shahri va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqalgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytilgan.