Azamat Shuhratovich Fazilov O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi ijro apparati bosh maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga hukumatdagi manbasi ma’lum qildi.

Azamat Fazilov (1980 yilda tug‘ilgan) ushbu lavozimga tayinlangunga qadar 2020 yildan buyon Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining (hozirda qayta tashkil etilgan) Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Samarqand viloyati hokimligi Moliya boshqarmasining 1-toifali iqtisodchisi va budjet bo‘limi bosh iqtisodchisi (2001−2004) lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, 2008−2011yillarda Moliya vazirligi G‘aznachilik Amaliyot boshqarmasining Mudofaa idoralari tashkilotlarining yuridik va to‘lovlarni amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i; 2017−2018 yillarda Moliya vazirligining Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Azamat Fazilov, shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi Moliya agentliklari va moliyaviy hisobot departamentlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi direktori, Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari (2019−2020) lavozimlarida ishlagan.

Azamat Fazilov biznesmen Baxtiyor Fazilovning ukasi bo‘lib, u Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi (shu jumladan uning raisi), Enter Engineering (O‘zbekistondagi eng yirik EPC-pudratchilaridan biri) va Ferkensco (agrokimyo korxonalari qurilishini boshqaruvchi O‘zbekistondagi eng yirik EPC pudratchilaridan biri) investitsiya kompaniyasining asosiy aksiyadori hisoblanadi.

Rossiyaning «Kommersant’» nashri Kipr reyestriga tayanib, O‘zbekistondagi eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri bo‘lgan Saneg`ning 98 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Belvor Holding unga tegishli ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, u Samarqandda sayyohlik majmuasini qurgan Samarkand Touristic Centre va boshqa qator kompaniyalarga ham egalik qiladi. U Air Samarkand aviakompaniyasi hamda Samarqand aeroporti boshqaruvini qo‘lga kiritgan Air Marakanda kompaniyasi hamta’sischisi sanaladi.