Namangan va Andijon xalqaro aeroportlarida 6 yanvar kuni quyuq sovuq tuman tufayli ko‘rishning yomonlashishi havo kemalarini qabul qilish va jo‘natishning vaqtincha to‘xtatilishiga olib keldi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

Xususan, Namanganda ko‘rinish chegarasining 700 metrgacha pasayib ketishi sababli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Orenburg-Namangan-Irkutsk va Irkutsk-Namangan-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha reyslari o‘zgartirildi.

Air Arabia aviakompaniyasining Sharja-Namangan-Sharja, shuningdek, Red Wings aviakompaniyasining Moskva-Namangan-Moskva reysi Toshkent xalqaro aeroportidan amalga oshiriladi.

Noqulay ob-havo sharoiti (ko‘rish masofasi 900 metr) Andijon aeroporti ishining cheklanishiga ham sabab bo‘ldi. Toshkent-Farg‘ona, Farg‘ona-Samarqand, Samarqand-Farg‘ona va Farg‘ona-Toshkent reyslari o‘zgartirilgan yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Air Astana aviakompaniyasining Toshkent-Olmaota reysi samolyoti kuchli turbulentlik hududiga tushib qolishi oqibatida yetti nafar yo‘lovchi jabrlangandi. Keyinroq ular orasida 3 nafar o‘zbekistonlik fuqarolar borligi ma’lum qilingan.