O‘zbekistonga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati 17 yanvarga qadar uzaytirildi, deya xabar qildi O‘zA.

O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi.

Qishki ta’til muddatining 17 yanvargacha uzaytirilishi barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, xususan, nodavlat umumta’lim maktablari, professional ta’lim muassasalari, nodavlat oliy ta’lim muassasalari, ularning filiallari va xorijiy OTMlarga ham taalluqli.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til 2023 yilning 11 yanvari, OTMlarda esa 9 yanvariga qadar davom etishi kerak edi.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining qo‘shimcha qilishicha, 10−18-yanvar kunlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida navbatdan tashqari ta’til e’lon qilinishi munosabati bilan maktabgacha ta’lim yoshidagi (3−7 yoshli) bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi.