4-yanvar kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘ga dam olgani chiqqan fuqarolardan biri soyga tushib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, uning hayoti saqlab qolindi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor boshqaruv markaziga bir guruh fuqarolar Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larga dam olish maqsadida chiqib, ulardan birining oyog‘i sirpanib, soyga tushib ketgani va chiqolmayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Aytilgan manzilga Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Ular tomonidan soyda qolib ketgan fuqaro qutqarib qolingan va sog‘-salomat pastga olib tushilgan.

Avvalroq Qamchiq dovoni qor ko‘chkisi xavfi yuzaga kelgani sababli yopilgani, hududda qolib ketgan yo‘lovchilarga maxsus reys orqali poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilib, isinish maskanlari tashkil etilgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 6 ta viloyatida 5−10-yanvar kunlari kutilayotgan vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik hamda havo haroratidagi o‘zgarishlar sababli qor ko‘chish xavfi e’lon qilingan. Shuningdek, 9-yanvardan O‘zbekistonga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kela boshlaydi. 10−15-yanvar kunlari havo harorati kechalari −12…−17 darajagacha, kunduz kunlari −5…−8 darajacha, cho‘l hududlarda esa −25…−27 darajagacha pasayadi.