O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasalarida 10−18 yanvar kunlari navbatdan tashqari ta’tillar e’lon qilindi, deb xabar qildi payshanba kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu qaror ob-havo haroratining keskin tushib ketishi sababli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida mavsumiy gripp kasalligi, shamollashning keskin ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilindi.

Vazirlik maktabgacha ta’lim yoshidagi (3−7 yoshli) bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilishiga ruxsat berilganini ma’lum qildi.

Avvalroq maktab va litsey o‘quvchilari, shuningdek, davlat oliy o‘quv yurtlari talabalarining qishki ta’tillari 17-yanvarga qadar uzaytirilgani xabar qilingandi.

O‘zgidromet 10 yanvardan O‘zbekistonda anomal sovuq boshlanishi haqida ogohlantirdi. Havo harorati kechasi -17 darajagacha, kunduzi -8 darajagacha tushadi. Bundan tashqari, 9−11 yanvar kunlari qor yog‘ishi, shamol kuchayishi kutilmoqda. Shimolda havo harorati kechasi −17…−22 darajagacha, Ustyurt va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda −25…−27, kunduzi −7…−10 darajagagacha tushadi.