O‘zbekiston Energetika vazirligi kelgusi haftada kutilayotgan anomal sovuq kunlari energotizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘riladi.

Buning uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi.

Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi.

Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11−12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi.

Energotizimda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kuniga o‘rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi.

Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratildi.

Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.

Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlaydilar.

2 soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilishi ta’minlanadi.

Iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki «Telegram»dagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78−148−30−03, 71−244−38−28 telefon raqamlari yoki @Uzbekcoaluz_bot «Telegram» botga murojaat qilishlari mumkin.

Energetika vazirligi iste’molchilardan elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, ushbu qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda tarmoqdan ajratib qo‘yishlarini, energiya resurslaridan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘radi.