Andijon viloyatida voyaga yetmagan bola maktabdoshlari bilan hech qanday hujjatlarsiz avtomobil boshqarib, yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. Bu haqda Sevimli telekananalining Zamon dasturida xabar qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, 17 yoshli bola to‘rt nafar sinfdoshi bilan Spark mashinasini ijarga olib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan. Oqibatda o‘quvchilardan biri ko‘krak qafasi ezilishi va bosh miya chanoq qismi yopiq sinishi jarohati bilan shifoxonada vafot etgan.

Qolgan bolalar ham kasalxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

«YTH sodir etgan o‘quvchining oilaviy sharoitini o‘rganganimizda ota-onasi chet davlatga ishlagani ketgan, u esa buvisining qaramog‘ida bo‘lgan. Avtohalokatning kelib chiqishiga oiladagi muhit ham sabab bo‘lgan», — dedi viloyat YHXB matbuot guruhi katta inspektori Diyorbek Abdurazzoqov.