Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, «Dok-1 Maks» siropini qabul qilib vafot etgan bolalar haqida birinchi bo‘lib xabar bergan professor Mamatqul Azizov ishdan bo‘shatilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, markaz bosh shifokori lavozimiga qayta tiklanishi mumkin.

«Bu haqda gapirishga hali erta. Yuristlarimiz ishlayapti, xulosa qiladi, o‘rganadi va yakuniy rasmiy xabarni beramiz. Ish boshlangan, lekin yakunlanmagan. Bu biroz vaqt talab qiladi», — deyiladi SSV matbuot xizmati ma’lumotida.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi «xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani, bolalar o‘limi holatlarini o‘z vaqtida tahlil qilmagani va zarur choralar ko‘rilmagani uchun» yetti nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etilgani, qator mutaxassislarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llangani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston ishlab chiqaruvchisi Marion Biotech tomonidan «Dok-1 Maks» dorisini qabul qilgan bolalarning o‘limi Mamatqul Azizovning 15 dekabrdagi xatidan ma’lum bo‘lgan. Unda aytilishicha, oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dori vositasini qabul qiligandan so‘ng nojo‘ya ta’siri bilan murojaat qilgan. Bemor bolalarda asosan anuriya kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, hozirgacha 20 nafar bola «Dok-1 Maks» dorisi iste’moli ortidan vafot etgan. Toshkent viloyatida 9 nafar bola siropdan zaharlangan. Sirdaryoda ham dori 7 nafar bolaga nojo‘ya ta’sir qilgan. Ulardan 4 nafari sog‘ayib chiqqan, 3 nafari esa jonlantirish bo‘limida davo-muolajalarini davom ettirmoqda.

Dekabr oyida kelgan «Dok-1 Maks» dorilari esa Davlat bojxona qo‘mitasi omborlarida saqlanmoqda.