«Abu Saxiy» jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Toshkent shahri bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. Bungacha ushbu lavozimda ishlagan Rahmatulloh domla Sayfuddinov o‘z arizasiga binoan ishdan olindi. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar qildi.

2023 yil 4 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla raisligida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblarning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan xatolar, fuqarolar murojaatini tinglashdagi kamchiliklar, aholi bilan ishlashdagi muammolar va mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini ta’minlashdagi oqsoqliklar tahlil qilindi», — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Unga ko‘ra, Rahmatulloh domla Sayfuddinov o‘z arizasiga binoan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasidan ozod etilib, «Abu Saxiy» jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.

Rahmatulloh Sayfuddinov 2021 yil 19 oktabr kuni Toshkent shahri bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlangandi.