Sirdaryo viloyatida «Dok-1 Maks» dori vositasi 7 nafar bemor bolaga nojo‘ya ta’sir qilgani qayd etilgan. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oltinoy Esanova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirda ulardan 4 nafari sog‘ayib chiqqan, 3 nafari esa jonlantirish bo‘limida davo-muolajalarini davom ettirmoqda.

Avvalroq RSHTYOIM Farg‘ona viloyat filialida quvasoylik 3 yoshli bemor bola «Dok-1 Maks» siropidan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani xabar qilingandi.

Hindiston dori vositasi O‘zbekistonda kamida 19 bolaning hayotiga zomin bo‘lgan Marion Biotech kompaniyasining guvohnomasini to‘xtatib qo‘ygandi. Farmatsevtika agentligi Hindistonning Toshkentdagi elchixonasiga «Dok-1 Maks» tarkibidagi etilenglikol miqdori me’yordan 300 baravar yuqori ekanligini ma’lum qilgandi.

SSVning yangi rahbari Amrillo Inoyatov dorixonalarga yo‘llagan xatida Quramax 2022 yilda import qilgan barcha dorilarning sotilishini to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergandi. «Dok-1 Maks» va «Ambronol» preparatlarining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalarini bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi ham kiritilgan.