Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing Xalqaro press-klubda so‘zlagan nutqidan parcha — maktablarda fizika va kimyo fanlari juda chuqurlashtirib o‘rgatilishi sababli bu fanlarni olib tashlash haqidagi taklifi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Videoda Sherzodxon Qudratxo‘ja maktab paytlarini yodga olib, ikkita fan chuqur o‘rgatilgani, hozir esa ular hayotda kerak bo‘lmayotganiga urg‘u bergan.

«Hozir maktabda 22 ta fan bor. Endi esa yoshlarga kreativ sohalarda dars berishimiz kerak. Fanlarni ham, dars soatlarini ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Esimda, maktabda dars o‘tganimizda fizika, kimyoning juda chuqur ichiga kirib ketardik, o‘zim qiynalardim, masalan. Lekin bugun hayotimda [ular] kerak bo‘lmaydi…Hamma ham fizik bo‘lavermaydi-ku? Qiziiqan keyin bo‘laveradi», — degan rektor.

Ushbu mulohazalar jamoatchilik faollari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xususan, Troll.uz kanali muallifi Umid Gofurov «Fizika, kimyo bular fundamental fanlar-ku, milliy g‘oya, ma’naviyat va ma’rifat, vatan tuyg‘usi kabi jinnicha fanlar bo‘lardi maktabda, shunga o‘xshash fanlar kerak emas», deya post qoldirgan.

Jurnalist Sanjar Said esa o‘zining Telegram kanalida maktablarda barcha kerakli fanlar osonroq, hayotga yaqinroq qilib o‘qitilishi, akademik bilimlar esa ixtisoslashtirilgan ta’lim dargohlarida o‘tilishi lozimligini yozib qoldirgan.

«…Xullas, maktab ta’limi barokatli bulutga o‘xshaydi — u hamma joyga yomg‘ir yog‘dirishi, bu suvdan har kim o‘ziga yarashasini olishi kerak. Axir toshga, qumga yoqqanidan foyda yo‘q deb tog‘-sahrolarga yomg‘ir yog‘ishini qoralamaymiz-ku. Mayli, maktabda hamma kerakli fanlar o‘tilsin, faqat osonroq, hayotga yaqinroq qilib. Akademik bilimlar esa ixtisoslashtirilgan ta’lim dargohlarida o‘tilaversin», — deydi u.

Bloger va pedagog Isroil Tillaboyev Facebook sahifasida Sherzodxon Qudratxo‘janing fikrini kanallar vahimasi oshirib yuborayotgani, aslida fizika va kimyoni butunlay olib tashlash nazarda tutmaganini qayd etgan.

«Misol hissiyot bilan noto‘g‘ri tanlangan bo‘lishi mumkin, lekin bir shaxsiy misolini barcha kanallar vahima qilib bunchalar ajiataj qilib yuborishi oshib ketmoqda, balki yetar, fizika va kimyoni butunlay olib tashlab bo‘lmasligini siz ham, men ham, Sherzodxon aka ham biladi», — deyiladi postda.

Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holatga munosabat bildirib, ushbu fundamental fanlarni maktab o‘quvchilariga o‘qitishni bekor qilish haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini va bunday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda gumanitar sohani egallaydigan o‘quvchilarga fizika yoki kimyo fanlarini o‘qitish kerak emas, deyish mumkin emas. Sababi, uning fikricha, har bir inson qaysi kasbni tanlamasin, mavjud ilmiy paradigma asosida dunyo qanday tuzilganini bilishi shart.

«Fizika va kimyo kabi fundamental fanlarni o‘qitish asnosida insonning fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Bunday salohiyatga ega bo‘lgan shaxs esa hodisalarni tahlil qilish, tushunish va tushuntirishga qodir bo‘ladi», — deydi u.

«Shunday ekan, ta’lim sohasiga mas’ul rahbar sifatida ushbu fundamental fanlarni maktab o‘quvchilariga o‘qitilishini bekor qilinishi haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini va bunday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilaman. Aksincha, endilikda biz maktablarda ushbu fanlarni o‘qitishni amaliyot bilan bog‘lash ustida bosh qotirishimiz va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga bor e’tiborimizni qaratishimiz zarur», — deya ta’kidladi vazir.

Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘ziga nisbatan qilingan «trolling, hayp»larga izoh berib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali aslida nima demoqchi bo‘lgani haqida videomurojaat bilan chiqdi.

«Bu 2 soatlik ko‘rsatuvning 30 soniyasi ko‘rsatilgan [video], xolos. Men rektor sifatida ta’lim, aniq fanlar qanchalik muhimligini bilsam kerak. Yoshlarimizga yengilroq, kreativroq dars beraylik, dedim. Fizika, kimyo, algebra, matematika, geometriya fanlari boshqalari kabi, albatta, kerak. Lekin bu darslarni o‘qitishda eski qoliplardan voz kechib, zamonaviy yangi texnologiyalardan foydalanishimiz kerak», — deya fikrini izohlaydi rektor.

«Masalan, dars o‘tganlar, eslanglar, 10−11-sinflarda o‘tgan qaysi murakkab formula esinglarda qolgan? Qizil diplom olishda qanchalik xalal bergan, o‘qishga kirishda qanchalik chalg‘itgan? Shu ma’noda aytdim, xolos. Rusiyzabonlar rektor fanlarni olib tashlashni aytgani haqida yozishyapti. Men xalq ta’limi vaziri, bu sohaning rahbari emasman», — dedi u.