3 yanvar kuni Navoiy, Jizzax va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Navoiy va Jizzax viloyatlarida kuzatilayotgan kuchli shamol natijasida elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelmoqda. Buning natijasida Jizzax viloyatining Forish, Zafarobod va Sharof Rashidov, Navoiy viloyatining Nurato, Tomdi va Uchquduq tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Shuningdek, Andijon viloyatining Marhamat, Buloqboshi va Asaka tumanlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan.

Buning natijasida ushbu tumanlarning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida favqulodda uzilishlar kuzatilmoqda.

«Hozirda maxsus brigadalar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda va tez fursat ichida ushbu hududlarning elektr ta’minoti to‘liq tiklanadi. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz», — deyiladi xabarda.