Air Astana avikompaniyasining Toshkent — Olmaota reysi samolyoti turbulentlik hududiga tushib qolishi oqibatida 7 nafar yo‘lovchi jabrlangani xabar qilingandi. O‘zbekiston Transport vazirligi ularning 3 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekanini ma’lum qildi.

Samolyotni Olmaota aeroportida yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish uchun tez yordam mashinalari kutib olgan. Havo kemasi qo‘nganidan so‘ng 2 nafar yo‘lovchi tibbiy yordam so‘ragan va ular Olmaotadagi shifoxonalardan biriga ko‘rikdan o‘tish uchun yuborilgan.

Ko‘rikdan so‘ng singan tan jarohatlari qayd etilmagan, tibbiy yordam ko‘rsatilgach, yo‘lovchilar kasalxonaga yotqizishdan bosh tortishgan.

Qozog‘iston fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fakt vakolatli organlar tomonidan tekshiriladi hamda natijalari bo‘yicha keyinroq qo‘shimcha axborot beriladi.

O‘zbekiston diplomatlari jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yetkazilgan 4-sonli shahar klinik shifoxonasida bo‘ldi, deb yozadi «Dunyo».

Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, 12 yoshli fuqaroning hech qanday shikoyati yo‘q va unga uyiga borishga ruxsat berilgan. Uning onasi ham shifokorlar ko‘rigidan o‘tib, yashash joyiga ketgan. Qo‘lidan yengil jarohat olgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi ham vaqtinchalik yashash joyiga jo‘nab ketgan.

«Air Astana vakillarining aytishicha, O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar aviakompaniya hisobidan xarid qilingan. Bosh konsulxona xodimlari jabrlangan o‘zbekistonliklar bilan zarur konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish uchun doimiy aloqada bo‘lib turibdi», — deyiladi xabarda.