1 yanvar kuni «Buxoro-Toshkent» reysining Afrosiyob poyezdining to‘xtab qolganini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan idoralararo ekspertlar guruhi hodisa sabablarini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kontakt simining uzilishiga temir yo‘l yaqinida uchirilgan begona jism — «osmon fonusi»ning to‘qnashishi natijasida vujudga kelgan qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.

«Osmon fonusi» elektrovozning pantografiga urilib, qisqa tutashuvga, bu esa, o‘z navbatida, kontakt simining qizishiga olib kelgan va buning oqibatida elektrovoz elektr ta’minotidan uzilib qolgan.

Temir yo‘l kompaniyasi fuqarolardan temir yo‘l xududlarida hamda poyezdlar yaqinida bunday buyumlardan foydalanmaslikni so‘radi.

«Mazkur holatdan ko‘rinib turibdiki, birinchi qarashda zararsiz narsalar harakat xavfsizligiga ta’sir qilishi va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq poyezd Toshkent viloyatining Chinoz tumanida to‘xtab qolgani haqida yozgan edik. Yo‘lovchilarni Toshkentga yetkazish uchun Afrosiyob zaxira poyezdi jo‘natildi. Yo‘lovchilarga chiptalar pulini qaytarish va’da qilingan.