30 dekabr kuni sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Amrillo Inoyatov 31 dekabr yarim tunda bemor va shifokorlar holidan xabar olish maqsadida poytaxtdagi davolash muassasalarida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

амрилло иноятов, беҳзод мусаев, ссв

Foto: SSV matbuot xizmati.

«Shifoxonalardagi muammolarni kabinetda o‘tirib hal qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun tizim mas’ullarini joylarga jo‘natayapmiz. Har birimiz haqiqiy vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, o‘rganib, tahlil qilib, qisqa muddatda puxta yechim topish harakatidamiz», — deya ta’kidladi vazir.

Bayram va dam olish kunlari vazirlik tizimidagi 1049 ta oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punkti, tuman, viloyat va respublika shifoxonalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari, shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limi hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Inoyatovdan oldin SSVga rahbarlik qilgan Behzod Musayev ham vazir (11 noyabrda tayinlangan) sifatidagi faoliyatini (13 noyabr kuni) shifoxonalarni ko‘zdan kechirish, ulardagi kamchiliklarni o‘rganishdan boshlagandi. 14 noyabr tongida, soat 04:30da Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Musayev shoshilinch yig‘ilish ham o‘tkazgandi.

Bundan tashqari, Behzod Musayev o‘zining birinchi buyrug‘i asosida avvalgi vazir Abduxakim Xadjibayevning buyrug‘i bilan qo‘llanilgan barcha intizomiy jazo choralarini bekor qilgandi.

Hozirda Musayev prezident farmoni bilan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tayinlandi.