2022 yil ko‘p sonli kutilgan va kutilmagan voqealari bilan tarix sahifalariga muhrlandi. Xususan, dunyo aholisi 8 mlrd nafarga yetdi; koronavirus pandemiyasi chekindi, aksariyat davlatlarda karantin cheklovlari bekor qilindi, aholida virusga qarshi immunitet shakllanib ulgurdi (Xitoy bundan mustasno); dunyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishlarining favqulodda og‘ir oqibatlarini o‘z tanalarida tobora jiddiyroq his eta boshladi; XXI asr odami tasavvuriga sig‘magan urush jahondagi siyosiy-iqtisodiy vaziyatni izdan chiqardi; xalqaro hamjamiyat dunyo sahnasida bir qator siyosiy o‘yinlarga guvoh bo‘ldi. «Gazeta.uz» 2022 yilning shu singari eng e’tiborga molik voqealarini bir materialga jamladi.

Rossiyaning Ukraina suveren hududidagi «maxsus harbiy operatsiyasi»

Rossiya tanki Ukrainaning Mariupol shahridagi turar joy binosini o‘qqa tutmoqda. 2022 yil 11 mart. Foto: Yevgeniy Maloletka / Associated Press / MeduzaRossiya tanki Ukrainaning Mariupol shahridagi turar joy binosini o‘qqa tutmoqda. 2022 yil 11 mart. Foto: Yevgeniy Maloletka / Associated Press / Meduza

Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bosqini haqidagi bashoratlar AQSh va Britaniya rasmiylari tomonidan 2021 yil oxiridayoq yangray boshlagan edi. Shunga qaramay, o‘sha paytda bir davlatning boshqa bir davlat suveren hududiga bostirib kirishi zamonaviy dunyo tartibiga sira mos kelmaydigan bir voqelik sifatida ko‘rilib, ko‘pchilik buning amalga oshishiga shubha bilan qaradi. Qolaversa, Rossiya hukumati Ukrainaga bostirib kirish rejasi haqidagi farazlarni doimiy ravishda inkor qilib keldi, ayni paytda Ukraina chegaralariga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishda, ularning safini muttasil kengaytirishda davom etdi.

2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainani «demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish zarurati» yuzasidan «maxsus harbiy operatsiya» boshlaganligini e’lon qildi.

Rossiya hukumati dunyo hamjamiyati tomonidan mustaqil davlat suverenitetiga tajovuz sifatida baholangan mazkur «maxsus harbiy operatsiya»ni NATOning Rossiya chegaralariga tomon kengayishi va Ukrainaning NATOga qo‘shilish harakatlari, Donbascda etnik ruslarga nisbatan «genotsid», ayrim bayonotlariga ko‘ra esa Ukraina tarkibidagi eskitdan Rossiyaga qarashli bo‘lgan hududlarni qaytarish istagi bilan izohladi. Kollektiv G‘arb hamda boshqa bir qator davlatlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini keskin qoralab, unga nisbatan og‘ir sanksiyalar kiritishni boshladi. Ikki tomon o‘rtasida kechgan qator muzokaralar murosaga olib kelmadi.

Bosqinning ilk kunlarida Zelenskiy hamkor davlatlar tomonidan Ukrainani xavfsiz tashlab chiqish uchun taklif etilgan yordamlarni qat’iy rad etdi. Ukraina bir necha oylar davomida muttasil hujumlarga dosh berdi. sentabr oyi boshida esa qarshi hujumga o‘tib, rus qo‘shinlari tomonidan egallab olingan hududlarni birin-ketin o‘z nazorati ostiga qaytara boshladi. Ukraina qarshi hujumni kuchaytirgani ortidan Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilindi. Shunga qaramay, noyabr oyiga kelib rus qo‘shinlari Ukraina janubi-sharqidagi Xerson shahrini tark eta boshladi. Zelenskiy endi Rossiya bilan muzokaralarda 2014 yilda bosib olgan Qrimni qaytarib olish talabini ham kun tartibiga qaytardi. Ayni paytda, o‘z talablarida qat’iy turib, murosaga o‘rin qoldirmay kelayotgan Rossiya prezidenti so‘nggi oylarda Ukraina bilan muzokaralarga tayyorligini va urush yakunlanishining ehtimoliy yechimlarini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, har ikki tomonning talablarini qondiradigan aniq yechimda to‘xtalish vaqt masalasi ekanligicha qolmoqda.

The Economist nashriga ko‘ra, Ukrainadagi urush dunyoni tarixning qonli davrlariga qaytarmoqda. Urush oqibatidagi yo‘qotishlar ko‘lami hali rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, AQSh har ikki tomondan 200 ming nafar harbiy halok bo‘lgani yoki turli darajada jarohatlanganini, 40 mingga yaqin tinch aholi halok bo‘lganini taxmin qilmoqda.

Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus-harbiy operatsiyasi» ortidan global miqyosda gumanitar inqiroz chuqurlashdi, energiya inqirozi, narxlarning keskin ko‘tarilishi, ta’minot zanjiridagi uzilishlar va oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keldi. Yevropa Ittifoqida shu vaqtgacha energoresurslar bo‘yicha asosiy ta’minotchi bo‘lgan Rossiya bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida energetika xavfsizligi, energetika bozori diversifikatsiyasi hamda muqobil energiya manbalariga o‘tish sur’atlari sezilarli tezlashdi.

Gumanitar inqirozning chuqurlashuvi

Polshaning Poznan shahrida ukrainalik qochqinlar uchun tashkil etilgan vaqtinchalik turar joy. 2022 yil 18 mart. Foto: Piotr Skornicki / Reuters / MeduzaPolshaning Poznan shahrida ukrainalik qochqinlar uchun tashkil etilgan vaqtinchalik turar joy. 2022 yil 18 mart. Foto: Piotr Skornicki / Reuters / Meduza

2022 yilda global miqyosda gumanitar — qochqinlar inqirozi sezilarli darajada chuqurlashdi. Yilning birinchi yarmidayoq dunyo bo‘ylab turli ta’qiblar, nizolar, zo‘ravonliklar, inson huquqlari buzilishi yoki siyosiy tartibsizliklar oqibatida o‘z vatanini tark etgan, shuningdek, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, biroq o‘z vatanida yashashni davom ettirayotganlar soni 100 milliondan oshib ketgan edi.

BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha agentligiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyo miqyosida gumanitar inqirozni chuqurlashtirib, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi davrda kuzatilgan eng tez va eng yirik qochqinlar hamda mamlakat ichida o‘z yashash joyini tark etganlar inqiroziga sabab bo‘ldi. Ayni paytda o‘z vatanini tashlab chiqqan qochqinlar soni bo‘yicha Suriya, Venesuela hamda Ukraina dastlabki uchtalikda qolmoqda.

Energiya inqirozi

«Shimoliy oqim» quvurlaridagi «sirli portlashlar» oqibatida Boltiq dengizi yuzasida «qaynab turgan» gaz. 2022 yil 30 sentabr. Foto: Danish Defence Command / Reuters / Meduza«Shimoliy oqim» quvurlaridagi «sirli portlashlar» oqibatida Boltiq dengizi yuzasida «qaynab turgan» gaz. 2022 yil 30 sentabr. Foto: Danish Defence Command / Reuters / Meduza

Rossiya harbiy qo‘shinlarining Ukrainaga rasman kirib kelishigacha bo‘lgan davrda ham energoresurslar bozorida narxlar, qisman Rossiyaning «Shimoliy oqim 2» loyihasi atrofidagi noaniqliklar ortidan, keskin o‘zgaruvchan tendensiyani namoyon qilib kelayotgan edi.

24 fevraldan keyin muqarrar bo‘lib turgan energiya inqirozi kuchayib ketdi. World Economic Forum’ga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari energiya inqiroziga quyidagicha ta’sir ko‘rsatgan:

  • energiya narxlarining o‘sishi;
  • savdo oqimlarining o‘zgarishi va taklif tanqisligi;
  • hukumatlarning energetika bilan bog‘liq siyosatlaridagi o‘zgarishlar;
  • energiya resurslari narxlarining o‘sishi natijasida tovar va xizmatlar narxlarining oshishi;
  • atmosferaga chiqindilar bo‘yicha hukumatlar maqsadlari;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni jadallashtirishga turtki.

Inflyatsiya

2022 yilda butun dunyo bo‘ylab inflyatsiya darajasining noodatiy tarzda yuqori o‘sishi kuzatildi. Narxlarning keskin o‘sishiga bir vaqtning o‘zida ham talab, ham taklif omillari ta’sir ko‘rsatdi.

Talab nuqtai nazaridan olib qaralganida, koronavirus pandemiyasi sharoitida chuqur iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida aksariyat hukumatlar davlat xarajatlarini oshirdi. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari tufayli aholining ixtiyoridagi daromadlari ortdi. Taklif nuqtai nazaridan, hali kovid pandemiyasi asoratlari arimagan bir paytda Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi global ta’minot zanjirlariga putur yetkazdi va iste’mol bozorida tovarlar tanqisligini keltirib chiqardi.

AQSh-Xitoy munosabatlarining keskinlashuvi

Tayvan poytaxti Taybeydagi AQSh Kongressi Vakillari palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifini olqishlovchi lavha. 2022 yil 3 avgust. Foto: Chiang Ying-ying / Associated Press / The ConservationTayvan poytaxti Taybeydagi AQSh Kongressi Vakillari palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifini olqishlovchi lavha. 2022 yil 3 avgust. Foto: Chiang Ying-ying / Associated Press / The Conservation

2022 yilda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi raqobat kurashi sezilarli keskinlashdi. Bunda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari, Xitoy hukumatining bu borada Rossiyaga hayrixohligi hamda Tayvan bilan bog‘liq mojarolar muhim rol o‘ynadi.

Jo Bayden ma’muriyati 2022 yil oktabr oyida e’lon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasida Xitoyning «xalqaro tartibni global o‘yin maydonini o‘z manfaati tomon yo‘naltiradigan tuzum foydasiga qayta shakllantirish istagi va salohiyatiga ega» ekanligini ochiqchasiga e’tirof etdi. AQSh Xitoyning o‘sishini olqishlash siyosatidan voz kechganligini Pekinning Janubiy Xitoy dengizini harbiylashtirgani, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlagani, Tayvanga nisbatan tahdidlar va intellektual mulkni o‘g‘irlash singari xatti-harakatlari bilan izohladi.

Avgust boshida AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifiga javoban Xitoy Tayvan oroli atrofida jangovarlikni kuchaytirdi. Bu, o‘z navbatida, o‘zaro munosabatlarning yanada taranglashishiga sabab bo‘ldi.

oktabr oyida AQSh hukumati Xitoyga sun’iy intellekt kabi ustuvor sohalar uchun zarur bo‘lgan ilg‘or yarimo‘tkazgich chiplari va texnologiyalarini sotishga taqiq o‘rnatdi. Noyabr oyi o‘rtalarida Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin G20 sammiti doirasida uchrashib, o‘zaro keskinlikni kamaytirish hamda iqlim o‘zgarishi, makroiqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Shunga qaramay, jahon iqtisodiyotida yetakchilik va hukmronlik mavqeyi, kuch-qudrat uchun zimdan yoki ochiqchasiga kurash hali davom etishi ehtimoldan holi emas.

Buyuk Bitaniyadagi siyosiy-iqtisodiy g‘alayonlar

Liz Trass Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qilmoqda. 2022 yil 20 oktabr. Foto: Reuters / VOAnewsLiz Trass Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qilmoqda. 2022 yil 20 oktabr. Foto: Reuters / VOAnews

2022 yilning ikkinchi yarmida Britaniya hukumatida yuzaga kelgan siyosiy g‘alayonlar butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo‘ldi. Mamlakatda iyul-oktabr oylari — to‘rt oy ichida ikki marta hukumat rahbari almashdi — shu vaqt mobaynida mamlakatni uchta bosh vazir boshqardi.

2019 yilning iyulida Brexit’ni muvaffaqiyatli amalga oshirish va’dasi bilan Jeremi Hant ustidan g‘alaba qozonib, hukumat tepasiga kelgan Boris Jonson 2022 yilning 7 iyulida muddatidan oldin iste’fo berishga majbur bo‘ldi.

Jonson faoliyati davomida muntazam to‘qnash kelgan mojarolar uning hukumatini kuchsizlantirdi. Xususan, Brexit ortidan yuzaga kelgan siyosiy inqirozning avj pallasida qirolichaga parlament faoliyatini to‘xtatib turish yoki yopib qo‘yish iltimosi bilan murojaat qilgani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi; uni hukumat ishlari bilan bog‘liq tartib-qoidalarni mensimaslikda, ularni o‘z manfaatlari yo‘lida suiiste’mol qilishda, shuningdek, xayriya mablag‘larini ochiqlamagani ortidan hatto korrupsiyada ayblashdi; pandemiya vaqtida qat’iy cheklovlar, ijtimoiy masofalanish talablariga qaramay, lokdaun qoidalarini buzgani va ziyofatlarda qatnashgani sababli jarimaga tortildi.

Boris Jonson iste’foga chiqish to‘g‘risidagi talablarni bir necha oylar davomida rad etdi. Biroq iyul oyiga kelib, hukumat a’zolari uning hukumatni boshqarishga noloyiq ekanligini ta’kidlab, birin-ketin o‘z lavozimini tark eta boshlagach, 7 iyul kuni iste’foga chiqqanligi haqida rasman e’lon qildi.

6 sentabrda, olti haftalik kurashdan so‘ng, hukumatni Liz Trass egalladi. Liz Trass qirolicha Yelizaveta II hukumat tuzishni so‘ragan eng oxirgi bosh vazirga aylandi: u faoliyat boshlaganidan ikki kun o‘tib — 8 sentabrda qirolicha 96 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Qirolicha Yelizaveta Ikkinchining jasadi solingan tobut Vindzor qasriga olib ketilmoqda. 2022 yil 19 sentabr. Foto: Yevgeniy Feldman / MeduzaQirolicha Yelizaveta Ikkinchining jasadi solingan tobut Vindzor qasriga olib ketilmoqda. 2022 yil 19 sentabr. Foto: Yevgeniy Feldman / Meduza

Liz Trassning «past soliqlar — yuqori o‘sish» siyosati dastlab saylovda unga g‘alaba olib kelgan bo‘lsa, keyinroq mazkur siyosatning salbiy oqibatlari birin-ketin bo‘y ko‘rsatdi. Funt sterling qadrsizlandi, bozor izdan chiqdi va mamlakatda moliyaviy inqiroz yuzaga keldi. oktabr oyi oxiriga kelib hukumat undan o‘z lavozimini bo‘shatib qo‘yishni talab qildi. Shunday qilib, bor-yo‘g‘i 45 kunlik faoliyatidan so‘ng — 20 oktabrda Liz Trass rasman iste’foga chiqdi va Britaniya tarixiga eng qisqa davr hukumatga rahbarlik qilgan bosh vazir sifatida muhrlandi.

Navbatdagi saylovlarda Britaniyaning sobiq moliya vaziri, Jonsonning iste’fosida asosiy rol o‘ynagan Rishi Sunak g‘alaba qozondi va 25 oktabrda rasman Britaniya bosh vaziri sifatida o‘z faoliyatini boshladi. Shunday qilib, chuqur inqirozdagi mamlakatni oyoqqa turg‘azish, avvalgi hukumatning xatolarini to‘g‘rilash Rishi Sunakning zimmasiga yuklandi.

Mamlakatda hukm surayotgan og‘ir iqtisodiy muhit Qo‘shma Qirollikning Yevropa Ittifoqiga qayta qo‘shilishi mumkinligi haqidagi farazlarni keltirib chiqarmoqda. Hatto Rossiya hukumati rasmiysi Dmitriy Medvedev o‘zining Twitter’dagi sahifasida 2023 yilda Qo‘shma Qirollikning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini to‘liq ishonch bilan bashorat qildi. Guardian nashriga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari mintaqa xavfsizligiga tahdid solayotgani nuqtai nazaridan ayni paytda Britaniya hukumati va boshqa Yevropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashgan. Shunga qaramay, Brexit atrofidagi uzoq yillik muzokaralar har ikki tomon rasmiylarining o‘zaro ishonchiga putur yetkazgan, uning tiklanishi esa vaqt masalasi.

Pokistondagi siyosiy, iqtisodiy va iqlim inqirozlari

Pokistonning Belujiston provinsiyasida yuz bergan toshqinlar oqibati. 2022 yil 26 avgust. Foto: Hussain / AFP / UNICEFPokistonning Belujiston provinsiyasida yuz bergan toshqinlar oqibati. 2022 yil 26 avgust. Foto: Hussain / AFP / UNICEF

2022 yilda Pokiston bir vaqtning o‘zida siyosiy, iqtisodiy va iqlim inqirozlari oqibatlarini bartaraf etish zarurati qarshisida tang qoldi. Aprel oyida Pokiston parlamenti bosh vazir Imron Xonni ishonchsizlik votumi bilan muddatidan oldin lavozimidan chetlashtirdi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilish taklifi bilan chiqqan muxolifat partiya uni COVID-19 pandemiyasi fonida izdan chiqqan iqtisodiyotni tiklay olmaganlikda, Pokistonni korrupsiyadan xoli qilish to‘g‘risidagi va’dalarini bajarmaganlikda aybladi. Imron Xon muxolifat partiyani uni lavozimidan chetlatish maqsadida AQSh bilan til biriktirganlikda ayblab, buni «Xitoy hamda Rossiyaga qarshilik masalalarida Vashington tarafida turishni rad etgani ortidan AQSh boshchiligidagi fitna» deb atadi.

11 aprel kuni Imron Xonning o‘rniga, kutilganidek, muxolifat partiya yetakchisi, sobiq bosh vazir Navoz Sharifning ukasi Shahboz Sharif parlament tomonidan yangi bosh vazir etib saylandi. Shunga qaramay, Imron Xon hokimiyat uchun kurashni davom ettirdi. Muddatidan avval saylovlar o‘tkazilishini talab qilib, o‘z tarafdorlari ishtirokida Lahordan poytaxt Islomobodga tomon yo‘lga chiqqan norozilik avtokarvoniga yo‘lboshchilik qilib ketayotgan vaqtida uyushtirilgan suiqasd natijasida yaralandi. Saylovlarsiz hokimiyat tepasiga kelgan amaldagi hukumat esa ovoz berish jarayonini avvaldan rejalashtirilganidek faqat 2023 yilda o‘tkazilishini ta’kidladi.

Mamlakatdagi siyosiy inqiroz iqtisodiy inqiroz bilan bir vaqtda kechmoqda. Pokiston ayni paytda davlat qarzlarini moliyalashtirish hamda import uchun yetarli valyuta zaxiralariga ega emas. Buning ustiga, avgust oyida mamlakatda kuchli musson yomg‘irlari va muzliklarning erishi natijasida kuzatilgan epik toshqinlar siyosiy-iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirdi. Toshqinlar mamlakatning qariyb uchdan bir qismini qamrab oldi, natijada millionlab odamlar aziyat chekdi, yuz minglab aholi boshpanasiz qoldi.

Uch tomonlama inqiroz oqibatlari ortidan 2023 yil Pokistonning 225 millionlik aholisi uchun og‘ir kelishi mumkin.

Qozog‘istondagi tartibsizliklar

Foto: Abduaziz Madyarov / AFP / MeduzaFoto: Abduaziz Madyarov / AFP / Meduza

Yanvar boshlarida Qozog‘istonning Mangistau viloyati Janaozen shahrida suyultirilgan gaz narxlari keskin oshirilishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari mamlakatning boshqa hududlariga ham tarqalib, ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi.

4 yanvar kuni Mangistau viloyatida narxlar pasaytirilganligi e’lon qilindi, biroq bu namoyishlarni to‘xtatmadi. Namoyishchilar mamlakatdagi korrupsiya, kambag‘allik va tengsizlikka qarshi noroziliklarini bildirib, ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiy talablarga o‘tishdi. Ular, xususan, sobiq prezident Nursulton Nazarbayevning hokimiyatdan butunlay ketishini talab qilishdi.

Voqealar rivojida Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqdi, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egallab, Nursulton Nazarbayev iste’foga chiqdi. Biroq ommaviy tartibsizlar yanada kuchayib bordi.

Mamlakat prezidenti tartibsizliklarni xalqaro terroristik agressiv harakat deb atadi, KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlaridan yordam so‘radi va mamlakatda aksilterror operatsiya boshlanganini ma’lum qildi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘iston prezidenti murojaatidan so‘ng, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida «tinchlikparvar kuchlarni vaqtinchalik missiya bilan» safarbar qildi.

8 yanvardan mamlakatda vaziyat barqarorlashdi. 13 yanvardan boshlab KXSHT tinchlikparvar kuchlari Qozog‘iston hududini tark eta boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar voqealarida, umumiy hisobda, mamlakatda 4578 kishi jabrlangan, jumladan, 4353 kishi jarohatlangan, 238 kishi halok bo‘lgan.

Erondagi norozilik namoyishlari

Mahsa Aminiy o‘limining 40-kunida u dafn etilgan qabriston tomon yo‘lga chiqqan avtokarvon, 2022 yil 26 oktabr. Foto: AFP / MeduzaMahsa Aminiy o‘limining 40-kunida u dafn etilgan qabriston tomon yo‘lga chiqqan avtokarvon, 2022 yil 26 oktabr. Foto: AFP / Meduza

Sentabr oyida Tehronda «axloq politsiyasi» tomonidan hibsga olingan Mahsa Aminiy politsiya hibsxonasida vafot etgani to‘g‘risidagi xabar ortidan Saqqez shahrida boshlangan norozilik namoyishlari to‘lqini butun mamlakat bo‘ylab yoyildi va namoyishni kuch bilan bostirish vaqtidagi ommaviy qirg‘inlarga sabab bo‘ldi. 22 yoshli talaba qiz hijobni to‘g‘ri o‘ramaganligi uchun «axloq politsiyasi» tomonidan hibsga olingan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat rasmiylari AQSh va Isroilni norozilik namoyishlarini tashkil qilishda ayblagan, biroq noroziliklarning hukumatning siyosiy qatag‘onlari, korrupsiya hamda iqtisodiyotdagi noto‘g‘ri boshqaruv sabab ommaviy tus olgan.

Hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirishga harakat qildi. Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, mamlakat xavfsizlik kuchlari suv purkagichlardan foydalangan, shuningdek, o‘q uzgan, namoyishchilar esa tosh otgan, politsiya mashinalariga va jamoat binolariga o‘t qo‘ygan. Shuningdek, inson huquqlari guruhlari namoyishlar vaqtida kamida 450 kishi o‘ldirilganini ma’lum qilgan. The New York Times Eron rasmiylari namoyishchilarni omma oldida qatl qila boshlagani to‘g‘risida xabar qildi.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlarining tezlashuvi

Ispaniyaning Vilyarta-de-los-Montes munitsipalitetidagi qurib qolgan suv ombori. 2022 yil 6 avgust. Foto: Susana Vera / Reuters / MeduzaIspaniyaning Vilyarta-de-los-Montes munitsipalitetidagi qurib qolgan suv ombori. 2022 yil 6 avgust. Foto: Susana Vera / Reuters / Meduza

Yakuniga yetayotgan yil ekstremal ob-havo sharoitlari, aniqroq aytganda, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol yuzaga chiqqani va keng ko‘lamli yo‘qotishlarga olib kelgani bilan ham diqqatga sazovor bo‘ldi. Xususan, ekstremal yuqori harorat, toshqinlar, bo‘ronlar, qurg‘oqchiliklar hukumatlarni iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatishda so‘zdan harakatga ko‘chishga undadi.

Rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlari Yevropada o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqardi. AQSh janubi-g‘arbida favqulodda qurg‘oqchilik kuzatildi, suv havzalari qisqardi va ekinlar hosildorligi pasayib ketdi. Pokistonda issiqlik to‘lqinlari ortidan epik musson yomg‘irlari boshlanib, mamlakatning uchdan bir qismi suv ostida qoldi. Hindiston va qator Yevropa davlatlarida muzliklarning erishi kuzatildi. Sharqiy Afrikadagi qurg‘oqchilik ortidan millionlab aholi ocharchilikdan aziyat chekdi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha tashlangan muhim qadamlardan biri Misrning Sharm-al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim masalalari bo‘yicha konferensiyasi — COP27 yig‘ilishi bo‘ldi. Yig‘ilishda rivojlangan mamlakatlar tomonidan iqlim o‘zgarishidan kambag‘al mamlakatlar ko‘rgan zararni kompensatsiya qilishni nazarda tutuvchi Loss and Damage («Yo‘qotish va zarar») jamg‘armasini tuzish haqidagi kelishuvga erishildi. Shunga qaramay, atmosferaga ajratilayotgan karbonat angidrid hajmi o‘sishda davom etmoqda.

Qatar-2022

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Jahon chempionati kubogi bilan. Foto: Tom Jenkins / The GuardianArgentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Jahon chempionati kubogi bilan. Foto: Tom Jenkins / The Guardian

Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati bir qator o‘ziga xos jihatlari bilan alohida e’tiborga molik. To‘rt yilda bir marta o‘tkaziluvchi chempionatning 20 noyabrdan 18 dekabrgacha davom etgan navbatdagi — 22-turniriga ilk marta arab davlati — Qatar mezbonlik qildi. Shuningdek, bu 2002 yilda Yaponiya va Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatidan keyin Osiyoda o‘tkazilgan ikkinchi mundial hamdir.

Yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, Qatardagi ekstremal yoz iqlimi tufayli bu yilgi chempionat noan’anaviy tarzda kuz-qishki mavsumda o‘tkazildi. 2022 yilgi jahon chempionati, shuningdek, turnir davomida ilk marta ayol hakamlarning maydonga tushgani, mezbon mehnatini qadrlashning yaponlarga xos namunasi, o‘yinlardagi sensatsion natijalar, Messining uzoq kutilgan orzusi, Argentinaning tarixiy chempionligi hamda Fransiyaning alamli mag‘lubiyati bilan esda qolarli bo‘ldi.