2022 yilning 1 oktabr holatiga davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi»da ma’lum qilindi.

Shundan, davlat tashqi qarzi — 23,16 mlrd dollar, davlat ichki qarzi — 3,07 mlrd dollar yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 34,1 foizni tashkil etdi.

Xususan, davlat qarzining YAIMga nisbati 2021 yil boshida 39 foizdan (2021 yil yakunida — 38 foiz) 2022 yilning 1 oktabr holatiga 34,1 foizgacha pasaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi bugungi kunda «mo‘’tadil» darajada hisoblanadi.

davlat qarzi

Manba: Moliya vazirligi

Davlat ichki qarzi

Ichki qarz 2022 yilning dastlabki 9 oyida 336,2 mln dollarga ko‘payib, 1 oktabr holatiga 3,1 mlrd dollarni (2021 yil yakunida 2 729,1 mln dollar) yoki YAIMga nisbatan 4 foizni tashkil etdi. Shundan:

  • Davlat qimmatli qog‘ozlari — 9,3 trln so‘m;
  • Davlat kafolatlagan va ichki majburiyatlar bo‘yicha davlat budjetidan qaytariladigan qarz — 2,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Davlat tashqi qarzi

Tashqi qarzi qoldig‘i 2022 yilning 9 oyi davomida 410,9 mln dollarga kamayib, 1 oktabr holatiga 23,2 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 30,1 foizni tashkil etdi.

Shundan O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz — 17 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 73,4 foizini; davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz — 6,2 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 26,6 foizini tashkil etdi.

2022 yil III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 28,4 foizi yoki 6,6 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab- quvvatlashga, 12,6 foizi yoki 2,9 mlrd dollari energetika sanoatiga, 11,5 foizi yoki 2,7 mlrd dollari elektr energetika sanoatiga, 10,4 foizi yoki 2,4 mlrd dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,6 foizi yoki 2,5 mlrd. AQSh dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,5 foizi yoki 2,2 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

davlat qarzi

Manba: Moliya vazirligi

Davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi

O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy institutlardan (XMI) jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 11,3 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 48,7 foizini tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddat hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.

Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,4 mlrd dollar), Jahon banki (4,4 mlrd AQSh dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etish kerakki, davlat tashqi qarzining manbalari diversifikatsiyasi ta’minlangan bo‘lib, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XHMT) hissasiga davlat tashqi qarzi qoldig‘ining 9,3 mlrd dollari yoki 40,1 foizi to‘g‘ri keladi.

davlat qarzi

O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan.

Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag‘lar hisobidan so‘ndiriladi.